Yevroparlament "Ukrainada adolatli va barqaror tinchlikka erishishda YeIning taklif etilgan rejaga munosabati va ishtiroki" nomli rezolyutsiyani qabul qildi. Ushbu hujjat uchun 27 noyabr, payshanba kuni 401 Yevroparlament deputati "ha" deb ovoz berdi, 70 nafar deputat qarshi chiqdi, 90 nafari betaraf qoldi.

Yevroparparlament deputatlari Yevropa Ittifoqi va uning a’zo davlatlarini Yevropada xavfsizlik uchun yuqoriroq mas’uliyatni zimmasiga olishga, Ukrainani yanada faol ravishda qo‘llab-quvvatlashga hamda barqaror tinchlikka erishish jarayonida iloji boricha faol ishtirok etishga chaqiradi.

Rezolyutsiyada ta’kidlanishicha, "ushbu hal qiluvchi geosiyosiy paytda" YeI va uning a’zolari yetakchilik ko‘rsatishi, AQSh va sheriklar bilan hamkorlikni davom ettirishi kerak. Shundagina "Ukraina uchun adolatli va barqaror tinchlik muzokaralari xalqaro huquq tamoyillariga asoslanadi, vijdonan olib boriladi va urushni to‘liq tugatishga qaratilgan bo‘ladi".

Rossiya "tinchlikka erishishdan manfaatdor emas va Ukraina fuqarolik aholisi hamda infratuzilmasiga zarbalar berishni davom ettirmoqda". Shu bilan birga, Ukrainada urushni to‘xtatish bo‘yicha Vashington tashabbusi "AQShning xalqaro huquq, Yevropa va Ukraina xavfsizligiga sodiqligi borasida asosli xavotirlar uyg‘otdi", deb hisoblaydi deputatlar.

Yevroparlament fikricha, "AQShning Ukrainaga nisbatan noto‘liq, ikki ma’noli siyosati barqaror tinchlikka erishishga to‘sqinlik qilmoqda". Shu bilan birga, u "transatlantik hamjamiyatning siyosiy, harbiy va iqtisodiy salmog‘i bilan qo‘llab-quvvatlangan "haqiqiy muzokaralar" Ukraina uchun adolatli va barqaror tinchlikni ta’minlashi mumkin", deb hisoblaydi.

Yevropa tinchlik strategiyasi xalqaro huquqqa tayanish, Yevropaning xavfsizligini mustahkamlash, Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini kafolatlash, Ukraina va uning xalqi uchun qabul qilinadigan bo‘lishi kerak. Yevroparlamentga ko‘ra, aynan shu strategiya keyingi har qanday tinchlik muzokaralari uchun asos bo‘lib xizmat qilishi zarur.

"Tinchlikka agressorga imtiyoz berish orqali emas, balki Ukrainani qat’iy va uzluksiz qo‘llab-quvvatlash va Rossiyani kelgusi agressiyadan tiyib turishning yetarli choralari orqali erishish mumkin", — deyiladi rezolyutsiyada.

Yevroparlament ta’kidlashicha, "Rossiya tomonidan avval tuzilgan majburiy xalqaro shartnomalar ko‘p bor qo‘pol ravishda buzilgani"dan kelib chiqib, har qanday tinchlik kelishuvi otishmalarni to‘xtatishdan boshlanishi va majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlovchi samarali nazorat choralari bilan mustahkamlanishi kerak.