O‘zbekiston | 09:50 / 29.11.2025
1917
2 daqiqa o‘qiladi

Alisher Qayumov Avstraliya general-gubernatoriga ishonch yorliqlarini topshirdi

O‘zbekistonning qarorgohi Singapur shahrida joylashgan Avstraliyadagi elchisi Alisher Qayumov Kanberradagi Government House rezidensiyasida Avstraliya General-gubernatori Samanta Mostinga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Foto: Dunyo

Rasmiy marosim doirasida bo‘lib o‘tgan suhbatda so‘nggi yillarda tobora rivojlanib borayotgan O‘zbekiston–Avstraliya munosabatlarining bugungi holati va kelgusi istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, ilm-fan va ta’lim, shuningdek, boshqa yo‘nalishlarda o‘zaro aloqalarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Samanta Mostin O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi. U davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, xalqaro biznes uchun qulay investitsiya muhitini yaratish borasida erishilgan natijalarni alohida qayd etdi.

Tomonlar Avstraliya va O‘zbekiston iqtisodiyotlari o‘rtasidagi o‘xshashliklarga ham to‘xtalib o‘tdi. Xususan, paxtachilik va tog‘-kon sanoati sohalaridagi o‘xshash tarkib innovatsiya, yangi texnologiyalar va qo‘shma investitsiya loyihalari yo‘nalishida keng hamkorlik imkoniyatlarini yaratayotgani ta’kidlandi.

Suhbat chog‘ida Avstraliya general-gubernatori yaqinda Samarqand shahrida o‘tkazilgan YuNeSKO bosh konferensiyasining yuqori darajada tashkil etilganini qayd etdi. U avstraliyalik sayyohlar uchun O‘zbekiston tobora jozibador turistik yo‘nalishga aylanayotganini ta’kidlab, tarixiy meros, madaniy boylik va zamonaviy infratuzilma o‘rtasidagi uyg‘unlikka e’tibor qaratdi.

Suhbat yakunida Samanta Mostin ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashga tayyorligini bildirib, O‘zbekiston rahbariyati va xalqiga samimiy tilaklarini yetkazdi.

Alisher Qayumov O‘zbekistonning Singapurdagi (2018–2024) va Avstraliyada (2022–2024) o‘rindoshlik asosidagi elchisi (qarorgohi Singapurda) bo‘lib ishlagan Qahramon Shokirov o‘rniga tayinlangan. 2024 yil 30 aprel kuni Alisher Qayumov Singapur prezidenti Tarman Shanmugaratnamga ham ishonch yorliqlarini topshirgan edi.

Mavzuga oid