Jahon | 08:30 / 29.11.2025
5556
5 daqiqa o‘qiladi

Turkiya qirg‘oqlari yaqinida RF “soya floti”ga tegishli ikki kema yonib ketdi

Turkiya rasmiylari kamida bitta neft tankerini yoqib yuborishda “tashqi ta’sir” ehtimoli borligini bildirmoqda. Bu tankerlar Rossiyaning “soyadagi floti”ga mansub, deb hisoblanadi.

Foto: AP

Qora dengizda, Turkiya qirg‘oqlari yaqinida, g‘arb mamlakatlari sanksiyalari ostida turgan va Rossiya neftini tashishda ishtirok etganligi uchun “qora ro‘yxat”ga kiritilgan ikki neft tankerida deyarli bir vaqtning o‘zida yong‘in chiqdi. Yong‘inlar haqida 28 noyabr kuni kechqurun Turkiya OAV va xalqaro axborot agentliklari xabar berdi.

Yonib ketgan kemalardan birinchisi — Hindistondan Rossiyaga yo‘l olgan Kairos (“Kayros”) neft tankeri. Bloomberg agentligi “mahalliy port agenti” ma’lumotiga tayanib, tanker qirg‘oqdan 28 dengiz milyasi masofasida minaga duch kelganini yozdi. Turkiya dengizchilik boshqarmasi bu ma’lumotni tasdiqlab, kema bortida “tashqi ta’sir” tufayli yong‘in kelib chiqqanini bildirdi. Tankerdan 25 kishi evakuatsiya qilindi.

Bundan ko‘p o‘tmay, yana bir kema — Rossiyaga yo‘nalgan, qirg‘oqdan 35 dengiz milyasi uzoqlikda joylashgan Virat (“Virat”) tankeridagi yong‘in haqida xabarlar keldi. Uning ekipaji ham evakuatsiya qilingan. Turkiya rasmiylari bu hodisa tafsilotlarini ochiqlamadi, ammo har ikkala tanker ham yuksiz holda bo‘lganini qayd etdi.

Bloomberg eslatishicha, Qora dengizda Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘liq miqyosdagi urushi va Ukraina sohil qismi akvatoriyasini blokada qilishi boshlanganidan beri, janglardan ancha uzoq hududlarda ham kemalar minaga uchrashi bilan bog‘liq bir necha hodisalar qayd etilgan.

Ham Kairos, ham Virat Gambiya bayrog‘i ostida yuradi, ammo YeI sanksiyalari ostida turibdi. Birinchi kema shuningdek Buyuk Britaniya sanksiya ro‘yxatlariga ham kiritilgan, ikkinchisi esa AQSh sanksiya ro‘yxatlarida. Sababi — har ikkala tanker ham Rossiya tomonidan Ukrainaga hujum boshlanganidan keyin joriy etilgan neft sanksiyalarini chetlab o‘tish uchun ishlatilgan, shuning uchun “soyadagi flot” deb ataladigan kema guruhiga mansub, deb hisoblanadi.

RFning “soyadagi floti”ga nisbatan sanksiyalar, shuningdek, Boltiq dengizida YeI davlatlariga tegishli suvosti kabellarining uzilishi bilan bog‘liq hodisalar fonida joriy etilgan. Shu hududlarda Rossiya neftini tashuvchi kemalar payqalgan. Keng tarqalgan versiya va ayrim kemalarni ko‘zdan kechirish natijalariga ko‘ra, bu kemalar kabellar yotqizilgan joylarda langar tashlagan, keyin esa uni dengiz tubi bo‘ylab sudrab borgan.

2025 yil boshidan beri RF “soya floti”ga mansub, deb taxmin qilinayotgan kamida ikki kemada, ular O‘rta Yer dengizi yoki mahalliy portlar hududida bo‘lganida portlash holatlari qayd etilgan.

Jumladan, yanvar oyi oxirida Turkiya qirg‘oqlari yaqinida Marshall orollari bayrog‘i ostida yuradigan Seacharm tankerida portlash sodir bo‘lgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, kemadagi zarar uncha katta bo‘lmagan, tanker ikki kun Turkiyaning Jyeyxan portida turib, keyin yo‘lini davom ettirgan.

Fevral o‘rtalarida esa Malta bayrog‘i ostida harakatlanadigan Seajewel tankerida ikki marta portlash ro‘y bergan. Hodisa kema Italiyaning Savona portida yuk tushirayotgan paytda sodir bo‘lgan. Natijada tanker korpusida “tashqi ta’sir” izlari bilan teshik hosil bo‘lgan — Il Fatto Quotidiano gazetasi yozishicha, metall listlar “ichkarisiga tomon egilgan” holda bo‘lgan.

Shuningdek, dekabr oyida O‘rta Yer dengizida Ursa Major yuk kemasi cho‘kib ketgan edi. Kema “soyadagi flot” ro‘yxatida bo‘lmagan, biroq uning egasi Rossiyaning Mudofaa vazirligi bilan bog‘liq “Oboronlogistika” kompaniyasi hisoblangan. Kompaniya bu kemaga hujum qilinganini bildirgan, ammo hodisa uchun hech kim javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.

Mavzuga oid