Ukraina dengiz dronlari Qora dengizda Rossiyaning «yashirin floti»ga mansub bo‘lgan neft tashuvchi ikkita tankeriga zarba berdi, bu haqda Ukraina rasmiylari xabar berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda dronlar kemalarga yaqinlashib kelgani va keyin portlash ro‘y berganini ko‘rish mumkin. Bu vaqtda Qozog‘iston Novorossiyskdagi Kaspiy quvurlari konsorsiumining neft terminaliga berilgan zarba yuzasidan norozilik bildirdi.

Turkiya hukumati ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida «Kayros» va «Virat» nomli tankerlar shikastlangan, Gambiya bayrog‘i ostida harakatlangan bu kemalar Ukrainaga bosqin tufayli qo‘llangan xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tgan holda Rossiya neftini tashigani uchun Buyuk Britaniya va Yevroittifoq sanksiyalari ro‘yxatida bo‘lgan.

Ularning ikkisi ham juma kuni Turkiya sohillari yaqinida hujumga uchragan, xabarlarga ko‘ra, «Virat»ga shanba kuni takroriy zarba berilgan.

Turkiya transport va infratuzilmalar vazirligi shanba kuni tongida kema «yana bir bor hujumga yo‘liqib, o‘ng bortida shikastlanish qayd etilgani»ni xabar qildi. «Bortda yong‘in yo‘q, ekipaj a’zolari o‘zini yaxshi his qilmoqda. Qutqaruvchilar kemadan xavfsiz masofada turibdi. Kemaning holati barqaror», – deyiladi bayonotda. Jabrlanganlar haqida xabar berilmagan.

Turkiya hukumati kemalarga yordam ko‘rsatilganini ma’lum qildi va «Kayros»dagi yong‘inni o‘chirishga urinayotgan ikki kateri aks etgan videoni e’lon qildi.

Ukraina Xavfsizlik xizmatining ismi oshkor etilmagan xodimi ikkala tanker ham bo‘sh bo‘lganini ma’lum qildi – ular neft to‘ldirish uchun Rossiyaning Novorossiyskdagi dengiz terminali tomon ketayotgandi.

«Ukraina Xavfsizlik xizmati Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush olib borish uchun moliyaviy imkoniyatlarini qisqartirishga qaratilgan faol harakatlarini davom ettirmoqda. Sea Baby dengiz dronlari qariyb 70 mln dollarlik neftni tashiy oladigan va Kremlga xalqaro sanksiyalarni aylanib o‘tishda yordam berayotgan kemalarni safdan chiqardi», – deya xabar bergan BBC Ukraina xizmatining maxsus xizmatlardagi manbasi.

Turkiya hukumati Ukrainaning tankerlarga hujumlarini qoraladi. TIV matbuot kotibi Onku Kecheli hujumlar Turkiya iqtisodiy zonasi hududida sodir bo‘lgani hamda «mintaqadagi kema qatnovi, hayot, mulk va ekologik xavfsizlikka jiddiy tahdid solgani»ni aytdi.

Kecheli shanba kuni kechqurun ijtimoiy tarmoqda e’lon qilgan postida Turkiya Ukrainadagi urush Qora dengizga tarqalishining oldini olish va Turkiyaning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish uchun «tegishli tomonlar» bilan muzokaralar olib borayotganini qo‘shimcha qildi.