Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov Rossiya qo‘shinlari Ukrainadagi Donetsk va Xarkiv viloyatlarida joylashgan Pokrovsk va Volchansk shaharlarini egallaganini ma’lum qildi. U bu haqda 30 noyabr kuni Ukrainada urush olib borayotgan Rossiya Federatsiyasi qo‘shinlarining birlashgan guruhi boshqaruv punktlaridan biriga Putin tashrifi chog‘ida unga hisobot berdi. Gerasimovning Putinga bergan hisoboti haqidagi ma’lumotni dushanba, 1 dekabr kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov tarqatdi.
Kreml saytida xabar qilinishicha, “Markaz” va “Sharq” harbiy guruhlari qo‘mondonlari — Valeriy Solodchuk va Andrey Ivanayev Rossiya prezidentiga Donetsk viloyatidagi Mirnograd shahrining janubiy qismi ustidan nazorat o‘rnatilgani va Zaporijjya viloyatida joylashgan Gulyaypole shahrini egallash bo‘yicha operatsiya boshlangani haqida ham ma’lumot bergan.
Shu bilan birga, Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi kundalik kechki hisobotida Pokrovsk yo‘nalishida janglar hanuz davom etayotganini ma’lum qildi.
«Kun davomida Pokrovsk yo‘nalishida tajovuzkor Novoye Shaxovo, Dorojnoye, Nikanorovka, Belitskoye, Shaxovo, Rodinskoye, Mirnograd, Novoekonomicheskoye, Rovno, Pokrovsk, Zverovoye, Kotlino, Udachnoye, Molodetskoye, Novopodgorodnoye, Filiya aholi punktlari yaqinida va Grishino aholi punkti yo‘nalishida 49 marta hujumkor harakatlar amalga oshirdi. Hozirda janglar beshta lokatsiyada davom etmoqda», — deyiladi Ukraina qo‘mondonligi xabarida.
Hisobotda, shuningdek, Volchansk yaqinidagi janglar ham tilga olingan. Ukraina Bosh shtabi hisobotida QQ bo‘linmalari yangi pozitsiyalarga chekingani haqida so‘z yuritilmagan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 1 dekabr kuni kechqurun Parijda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuv natijalari bo‘yicha so‘zlar ekan, Pokrovsk va Volchansk egallab olingani haqidagi ma’lumotlarni rad etdi. Shu bilan birga, u Pokrovskdagi va boshqa yo‘nalishlardagi vaziyat «hanuz og‘irligicha qolayotganini» ta’kidladi.
Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi huzuridagi Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenko Rossiya tomonining ushbu aholi punktlari ustidan nazorat o‘rnatilgani haqidagi bayonotlarini g‘arb auditoriyasi uchun «diplomatiyada stavkalarni oshirish» deb atadi. Kovalenkoga ko‘ra, Volchansk hanuzgacha Ukraina Qurolli Kuchlari nazoratida, xuddi shunday tarzda, Gerasimov avval Putinga egallangani haqida hisobot bergan Xarkiv viloyatidagi Kupyansk shahri ham Ukraina tomoni nazoratida qolmoqda.










