AQŞ va yana 90 ta davlat 3 dekabr, çorşanba kuni BMT Boş Assambleyasining 11-çaqiriqdagi favqulodda maxsus sessiyasida Rossiyadan «zöravonlik bilan köçirilgan yoki deportatsiya qilingan» barça ukrain bolalarni «darhol, xavfsiz va mutlaqo şarsiz ravişda» qaytarişni talab qiluvçi rezolyutsiya uçun ovoz berdi. Taşkilot saytida xabar qilinişiça, şu ovozlar hujjatni qabul qiliş uçun yetarli böldi.
«Ukrainalik bolalarni qaytariş» nomli rezolyutsiyani, jumladan, Ukraina va Kanada taklif etgan, u böyiça ovoz berişda jami 160 ta davlat iştirok etdi. Hujjatga Rossiya, Belarus, Kuba, Eron, KXDR, Mali va Sudanni öz içiga olgan 12 ta davlat qarşi çiqdi, yana 57 ta davlat betaraf qoldi. Qiziq tomoni şundaki, rezolyutsiyani Rossiyani tanqid qiluvçi qarorlarga bir neça marta qarşi ovoz bergan Donald Tramp Oq uyga qaytganidan söng AQŞ ham qöllab-quvvatladi.
Hujjatda, şuningdek, Rossiya «bolalarni ideologik qayta işlaş» amaliyotidan, ularni ota-onalaridan ajratişdan, şuningdek, bolalarning şaxsiy maqomini özgartirişdan — jumladan fuqarolik beriş va ularni vasiylikka oluvçi oilalarga topşirişdan voz keçişga «qat’iy tarzda çaqirilgan». Ukraina taşqi işlar vaziri örinbosari Maryana Betsa sözlariga köra, Rossiya kamida 20 ming ukrainalik bolani deportatsiya qilgan, ularning ayrimlarini qaytarişga muvaffaq bölingan.
Rezolyutsiya böyiça ovoz berişdan oldin Rossiyaning BMTdagi doimiy vakolatxonasi rahbar örinbosari Mariya Zabolotskaya maxsus sessiyaning maqsadi «ukrain inqirozi böyiça uzoq muddatli tinçlik yeçimiga erişiş jarayonini izdan çiqariş»dan iborat, deb bayonot berdi. Uning ta’kidlaşiça, hujjat «göyoki Rossiya tomonidan bolalar deportatsiya qilinişi» haqidagi pozitsiyani ilgari surişga qaratilgan, tilga olinayotgan 20 ming bola haqidagi raqam esa «heç qanday röyxatlar, ota-onalar va qarindoşlar sörovlari bilan tasdiqlanmaydi».
Zabolotskayaning aytişiça, bu masalada Xalqaro Qizil Xoç Qömitasi, Vatikan va Qatar vositaçi sifatida iştirok etmoqda, Rossiya esa AQŞ birinçi xonimi Melaniya Trampning ukrainalik bolalarni oilalari bilan qayta birlaştirişga kömaklaşiş taşabbusini qöllab-quvvatlagan. Uning sözlariga köra, bolalarning bir qismi Ukrainadan Rossiyaga qaytarilayotgani holatlari ham mavjud.
Ukraina bir neça marta Rossiyani bosib olingan hududlardan ukrain bolalarni Rossiyaga olib ketişda ayblab kelgan. Ular bergan ma’lumotlarga köra, 2022 yildan beri Ukrainadan 19,5 mingdan ortiq bola deportatsiya qilingan, şulardan 1605 nafarini qaytarişning iloji bölgan. Okkupatsiya qilingan hududlardan bolalarni Rossiyaga olib ötiş Haagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS)ning Vladimir Putin va Rossiyaning bolalar huquqi böyiça vakili Mariya Lvova-Belovaga nisbatan qölga oliş orderi çiqarişiga asoslardan biri böldi.












