Endilikda bino va inshootlarning zilzilabardoshligini ta’minlash bo‘yicha ishlar yanada kuchaytiriladi.
Prezidentning “Bino va inshootlarning zilzilabardoshligi va seysmik xavfsizligini ta’minlashda davlat nazorati va boshqaruvini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmonga ko‘ra, noqonuniy qurilishlarning oldini olish, ularni erta aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha mexanizmlar takomillashtiriladi.
Bu orqali qurilish-pudrat tashkilotlarining obektlar qurilishida zilzilabardoshlik talablariga rioya etish bo‘yicha javobgarligi oshiriladi, loyiha hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan, xavfli qarorlarni qabul qilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik choralari kuchaytiriladi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab:
- 2 va undan yuqori qavatli barcha ko‘p kvartirali uy-joylarni instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazishga ixtisoslashgan loyiha tashkilotlarining ro‘yxati shakllantiriladi;
- ushbu tashkilotlarning reytingi “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida yuritib boriladi.
“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida instrumental-texnik tekshiruv xulosalari asosida bino va inshootlarning texnik holati doimiy monitoring qilinadi.
Farmon ijrosi natijasida zilzilabardoshlik talablariga javob bermaydigan qurilishlarga yo‘l qo‘ymaslik, aholining xavfsizligini ta’minlash va qurilish sohasida mas’uliyatni tubdan oshirish ko‘zda tutilmoqda.









