Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda «Fuqarolik tashabbusi» milliy mukofoti sohiblari taqdirlandi
Toshkent shahrida «Fuqarolik jamiyati haftaligi» yakunlandi. So‘nggi kuni «Fuqarolik tashabbusi» milliy mukofoti va «Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» ko‘krak nishoni sohiblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Foto: Oliy Majlis Senati
Milliy mukofot bilan Farmonov A’zamjon Turg‘unovich, O‘zbekiston inson huquqlari «Huquqiy tayanch» jamoat birlashmasi rahbari – «Fuqarolarning huquq va erkinliklari faoli» nominatsiyasi bo‘yicha, Jalolov Azamat Axrorovich, «Digital Generation Uzbekistan» NNT rahbari – «Yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash faoli» nominatsiyasi bo‘yicha, Ilmuradova Oliya Vladimirovna, «Barqaror hayot» xalqaro ijtimoiy-ma’rifat markazi direktori – «Ijtimoiy himoya faoli» nominatsiyasi bo‘yicha, Qosimova Nargis Sunnat qizi, «Ekolog» jamoat birlashmasi direktori – «Tashabbuskor ekologiya faoli» nominatsiyasi bo‘yicha, Shirinova Mavludaxon Rasulovna, «Sabr» Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi rahbari – «Xotin-qizlar bo‘yicha ijtimoiy faoli» nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlandi.
Fuqarolik jamiyati institutlari sohasida amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilish va sohani yanada rivojlanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish maqsadida Parlament a’zolari, davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, xorijiy ekspertlar ishtirokida o‘tkazilgan keng qamravli haftalik haqiqiy muloqot maydoni bo‘ldi.
Uning doirasida «2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi» natijalari va «2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi» loyihasi muhokamasi, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi rahbariyati bilan uchrashuvlar, Adliya vazirligi rahbariyati bilan muloqotlar, nodavlat notijorat tashkilotlari milliy forumi, xalqaro konferensiya, nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar yarmarkasi, nodavlat notijorat tashkilotlarining muhim tashabbuslarini moliyalashtirish maqsadida «Maqsadli loyihalar» aksiyasi kabi tadbirlar o‘tkazildi.
Ilk marotaba o‘tkazilayotgan milliy mukofotga 350 dan ortiq nomzod hujjatlari taqdim etilib, so‘nggi ikki yilda faollik va tashabbus ko‘rsatgan yurtdoshlar quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi:
– fuqarolarning huquq va erkinliklari faoli;
– yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash faol;
– tashabbuskor ekologiya faoli;
– ijtimoiy himoya faoli;
– xotin-qizlar bo‘yicha ijtimoiy faol.
Fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan respublika va xorijiy nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini «Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» ko‘krak nishoni bilan taqdirlash marosimi ham haftalik doirasidagi muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan O‘zbekistonda davlat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va har tomonalama qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida muhim islohotlar amalga oshirilayotgani, fuqarolar huquqini, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish, ekologiya, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va boshqa sohalarda fuqarolik jamiyati institutlari faol ishtirok etayotgani qayd etildi.
An’anaviy «Fuqarolik jamiyati haftaligi» davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali va konstruktiv muloqot mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, nodavlat notijorat tashkilotlarining ehtiyojlarini tizimli tahlil qilish hamda davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning muhim masalalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashish, istiqbolli tashabbuslarni ishlab chiqishda muhim maydon vazifasini bajarmoqda.