Rossiya prezidentining maslahatchisi Kirill Dmitriyev Germaniya kansleri Fridrix Mers Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha AQShning vositachilik sa’y-harakatlari samimiyligiga shubha bildirgani haqidagi xabarlarga kulgi bilan munosabat bildirdi. Gap Zelenskiy va g‘arb siyosatchilari bilan bo‘lib o‘tgan telefon konferensiyasi haqida ketmoqda.
“Hurmatli Mers, sen umuman o‘yinda ham emassan. Sen o‘zingni o‘zing diskvalifikatsiya qilding — urushni qo‘zg‘atish, tinchlikka to‘siq qo‘yish, real bo‘lmagan takliflar, g‘arb sivilizatsiyasini o‘z qo‘ling bilan yo‘q qilish, migratsiya va qatiy ahmoqlik orqali”, — deb yozdi Dmitriyev 4 dekabr, payshanba kuni kechqurun X ijtimoiy tarmog‘ida.
Bundan oldin Der Spiegel nemis haftanomasi xabar berishicha, Mers va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Zelenskiy bilan bo‘lib o‘tgan telefon konferensiyasi chog‘ida muzokaralarda AQShning rolini shubha ostiga olgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Mers Zelenskiyni “keyingi kunlarda juda ehtiyotkor bo‘lish kerakligi” haqida ogohlantirgan va qo‘shimcha qilib: “Ular (ya’ni amerikaliklar) ham siz bilan, ham biz bilan o‘yin o‘ynayapti”, degan va shu tariqa AQShning harakatlarini ifoda etgan.
Makron esa, o‘z navbatida, “AQSh xavfsizlik kafolatlari yuzasidan aniqlik kiritmasdan, hududlar masalasida Ukrainani sotib ketishi mumkinligi” xavfi borligi haqida aytgan. Der Spiegel tahririyati ushbu maxfiy suhbatga oid yozma qaydlar o‘zida mavjud ekanini qayd etdi.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Moskva tomonidan Mersga aytilgan so‘zlarga xotirjam munosabat bildirdi: “Har kim o‘z uslubini o‘zi tanlaydi. Ko‘plab rus mansabdorlarining nutqi doimo ma’lum bir uslub doirasida qolmasligini biz bir necha bor ko‘rganmiz. Bu bizga ta’sir qilmaydi”, — dedi Vadeful 5 dekabr, juma kuni Berlindagi matbuot anjumanida. Shu bilan birga, u shunday qo‘shimcha qildi: “Bizda aniq kurs bor — biz Ukraina tomonida turibmiz”.
AQShning maxsus vakili Stiv Uitkoff va AQSh prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushner 3 dekabr kuni Moskvada Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazdi, 4 dekabr kuni esa Floridada Ukraina tomonidan bosh muzokarachi Rustem Umerov bilan uchrashuv tashkillashtirildi.
Tramp 3 dekabr kuni yana bir bor Putin “urushni tugatishni istayapti”, deb bayonot berdi. O‘z vakillarining xulosalarini sharhlar ekan, u: “Bu — ularda paydo bo‘lgan taassurot”, — dedi. Tramp, shuningdek, Uitkoff, Kushner va Putin uchrashuvini “juda yaxshi” deb ta’rifladi.









