Uelsning Flinshir grafligi Mold shahrida yashovchi 71 yoshli Jon Uilyams minilgan DB5’ni 1973 yilda 985 funtga (bugungi kunda 15 ming funtga teng) sotib olgandi.
U «Goldfinger» va «Gromoboy» filmlari orqali mashhur bo‘lib ketgan bu avtomobilni oxirgi bor 20 yoshdan o‘tganida mingandi. Shundan keyin mashinani uyi oldida zanglab yotish uchun qoldiradi.
Endi Uilyams avtomobilni Aston Martin’ning Bakinghemshirdagi zavodida to‘liq qayta ta’mirdan chiqarish uchun 400 ming funt sarfladi, bu ish uchun ustalar 2500 soat davomida ish olib borishdi.
Mashinaga bir qarashda muhabbat
Uilyams sakkiz yoshida o‘yinchoq mashina sovg‘a qilishganidayoq Aston Martin’ga ishqi tushib qolgandi, 19 yoshigacha u o‘zi uchun minilgan DB5 sotib olishga yetarli bo‘lgan mablag‘ jamg‘aradi.

Ammo 1970-yillar oxirida u ishlash uchun Yaqin Sharq mamlakatlariga yo‘l oladi. DB5 avvaliga saqlash uchun omborga yuboriladi, keyin esa yo‘l chetida turib qoladi va asta-sekinlik bilan xarob ahvolga tushadi.
«Qo‘shni bolalar kapotda sakrashardi va biz ularni so‘kardik, – deydi uning rafiqasi Syuzan. – Keyin ulardan biri tomda sakrayotib, „U ishlayaptimi?» deydi, chunki u Bond haqidagi filmni ko‘rgan va u ko‘tariladi deb o‘ylagan».
1963 yildan 1965 yilgacha DB5 rusumli jami 1022 ta avtomobil ishlab chiqarilgan. Ular Jeyms Bond haqidagi filmlar (o‘sha yillarda bosh qahramonni Shon Konneri ijro etgan) tufayli shuhrat qozongan.

Uilyamsga tegishli bo‘lgan kumush-to‘qsariq rangli DB5 Vantage hozirda saqlanib qolgan 39 ta shunday mashinadan biridir.
Bugungi kunda hatto haydashga yaroqsiz holda bo‘lgan Aston Martin’ni 500 ming funt to‘lab sotib olishga tayyor kishilar bor edi va er-xotin uni sotish imkoniyatini ko‘rib chiqadi.












