O‘zbekiston | 18:43
1148
4 daqiqa o‘qiladi

Har bir kambag‘al oila bo‘yicha individual reja ishlab chiqish taklif etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 dekabr kuni mahallalarni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot bilan tanishdi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda ishga solinmayotgan imkoniyatlar, bu boradagi sustkashliklar ko‘rsatib o‘tildi. Yig‘ilishda “mahalla yettiligi” a’zolarining ish samaradorligini baholash uchun aniq mezonlar mavjud emasligi, ularning asosiy vazifasi bo‘lgan ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishda mas’uliyatini yanada oshirish zarurligi ta’kidlandi. “Yettilik” faoliyati aholi bandligi va daromadlari ortishida bevosita aks etishi shartligi, mazkur yo‘nalishda manzilli va natijaga yo‘naltirilgan ishlarni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Mahallalarda kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirishda, avvalo, ularning muammolari va “o‘sish nuqtalari”ni aniqlab, tizimli chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish topshirildi. Shuningdek, aholi murojaatlarini bevosita mahallaning o‘zida hal etishga e’tiborni kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.

Og‘ir toifadagi mahallalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi. Ushbu hududlarga alohida e’tibor qaratib, infratuzilma, elektr ta’minoti, internet tarmog‘i, tomorqadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish topshirildi.

Ta’kidlanishicha, joriy yilda kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 6 foizga tushishi kutilmoqda. Kelgusi yilda bu ko‘rsatkichni 4,5 foizgacha qisqartirish maqsad qilingan. Buning uchun mahallalarda ishlarni tashkil qilishga kompleks yondashish, barqaror bandlik yo‘nalishidagi xizmatlar qamrovini kengaytirish, daromad manbalarini yaratish, aholini kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

Har bir kambag‘al oila bo‘yicha uning real imkoniyatlari va xohish-istaklarini inobatga olgan individual rejalarni ishlab chiqish muhim ekani ta’kidlandi.

Loyihaviy yondashuv doirasida “Bandlik organlari – ish beruvchilar hamkori”, “Teng imkon – inklyuziv bandlik”, “Barqaror kelajak sari”, “20 ta mahalliy brend”, “Bir kontur – bir mahsulot”, “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish”, “Ijara yer va tomorqada suv ta’minotini yaxshilash”, “Eski bog‘larni yangilash”, “1 ming gektar mevali bog‘”, “Eksportchi kooperativlar” kabi dasturlar bilan 1 million nafar kambag‘al aholini qamrab olish rejalashtirilgan.

Kambag‘allik va ishsizlikni kamaytirishda mahallalarda kichik va o‘rta loyihalarni amalga oshirish, jumladan, chegara va anklav hududlarda infratuzilmani yaxshilash, tunu kun ishlaydigan ko‘chalar, turistik mahallalar, mikrosanoat markazlarini tashkil etish, sohil va yo‘l bo‘yi infratuzilmani rivojlantirish chora-tadbirlari taqdimot qilindi.

Bandlik dasturining 2025 yildagi ijrosi va 2026 yilgi dasturni shakllantirish, norasmiy bandlikni qisqartirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Prezident mutasaddilarga mahallalardagi masalalarni manzilli hal qilish, aholi ehtiyojlari asosida amaliy ishlar samaradorligini oshirish, bandlik va kambag‘allikni qisqartirish borasidagi vazifalarning yuksak mas’uliyat bilan ijrosini ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berdi.

Mavzuga oid