O‘zbekistonda «Tadbirkorlik faoliyatining asoslari va kafolatlari to‘g‘risida»gi yangi qonun qabul qilinishi rejalashtirilmoqda. U jismoniy va yuridik shaxslarning tadbirkorlik faoliyatida erkin ishtirok etishi, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek biznes uchun barqaror va prognoz qilinadigan huquqiy muhit yaratishni ko‘zda tutadi.
Qonun loyihasida tadbirkorlik faoliyatining asosiy prinsiplari – qonuniylik, tadbirkorlik erkinligi, mulk daxlsizligi, korrupsiyadan xolilik, insofli raqobat, davlat organlari bilan munosabatlarda tadbirkorlar huquqlarining ustuvorligi hamda qonunchilik barqarorligi alohida belgilab qo‘yilgan.
Hujjatda tadbirkorlik sub’yektlarining toifalari (kichik, o‘rta va yirik biznes), yakka tartibdagi va birgalikdagi tadbirkorlik tushunchalari, tadbirkorlik birlashmalari faoliyati ham aniq huquqiy asoslanmoqda. Shu bilan birga, tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solish vositalari – ro‘yxatdan o‘tkazish, litsenziyalash, davlat nazorati, raqobatni himoya qilish va majburiy sug‘urta kabi mexanizmlar qayta tizimlashtirilmoqda.
Yangi qonun tadbirkorlik sub’yektlarining huquq va majburiyatlarini ham aniq belgilaydi. Jumladan, tadbirkorlar har qanday qonun bilan taqiqlanmagan faoliyat bilan shug‘ullanish, o‘z tovar va xizmatlariga narxni mustaqil belgilash, foydani erkin tasarruf etish, bank hisobvaraqlaridan moneliksiz foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, mahsulot sifatini ta’minlash, soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash, mehnat va ekologiya qoidalariga rioya qilish kabi majburiyatlar ham mustahkamlangan.
Qonun loyihasida davlat organlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatiga asossiz aralashuvni cheklash, tekshirishlarni qisqartirish, tadbirkorlarning sudga murojaat qilishi, zarar yetkazilganda uni to‘liq qoplash mexanizmlari bo‘yicha alohida kafolatlar nazarda tutilgan.
Ayollar va yoshlar tadbirkorligi, shuningdek ijtimoiy tadbirkorlik alohida moddalarda yoritilib, ularni kredit, subsidiya, grantlar, soliq imtiyozlari va davlat xaridlarida ustuvorlik berish orqali qo‘llab-quvvatlash choralari belgilab qo‘yilgan.
Hujjatga ko‘ra, amaldagi «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun va unga bog‘liq qator normalar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi. Yangi qonun 2026 yil 1 iyuldan e’tiboran kuchga kirishi belgilanmoqda.










