Asrorbek Eraliyev hozirda Xitoy Fan va texnologiyalar universitetida yadro texnologiyalari bo‘yicha doktorant. U a’zo bo‘lgan ilmiy jamiyat yaqinda plazma torchni 168 soatdan ortiq uzluksiz, turg‘un holatda ishlatib, dunyo rekordini o‘rnatdi. Yil boshida esa “Sun’iy quyosh” deb nomlangan tokamakni o‘ta yuqori haroratda 1066 soniya faol harakatlantirib, yana bir tarixiy yutuqni qayd etdi. Kun.uz muxbiri bilan suhbatda u rekordlarni yangilayotgan tajribalardagi ishtiroki, “Ilm oroli”ga qanday qabul qilingani, Xitoydagi ta’lim, plazma muhandisligi haqida gapirib berdi.
Asrorbek ilmiy faoliyatini 2017 yil Andijon mashinasozlik institutida boshlagan. Avtomatika muhandisligi bo‘yicha bakalavriat, mexatronika va sun’iy intellektga yo‘naltirilgan magistratura ta’limi uning ilmiy izlanishlarini yanada chuqurlashtirgan. Magistratura davrida Italiyaning Turin politexnika universitetida stajirovkalar va ilmiy tadqiqotlar olib borgan, shu bilan birga O‘zbekistonning “El-yurt umidi” va Italiyaning EDISU Piemonte grantlarini qo‘lga kiritgan.
Xitoy Fan va texnologiyalar universitetida doktorant bo‘lishi esa CAS-ANSO grantini yutishi bilan amalga oshgan. Ushbu grant dunyo bo‘ylab minglab nomzodlar orasidan eng yuqori ilmiy salohiyatga ega talabalarni tanlab oladi.
“Xitoyda o‘qishim boshlanganidan keyingi eng katta yutuq “Ilm oroli” (Science island)ga qabul qilinganim bo‘ldi. Bu joyga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirish imkoni yo‘q. Kuchli tanlov: testlar, so‘ng intervyu bosqichi bo‘ladi. Ilm oroli – Xitoydagi strategik ilmiy markazlardan biri. U yerga saralab olinadigan talabalar soni cheklangan (masalan, yillik 200 magistratura + 300 doktorantura o‘rni): faqat yuqori akademik daraja, aniq ilmiy motivatsiya, tadqiqot rejalari va yuqori potensialga ega nomzodlar qabul qilinadi. Men bilan intervyu bo‘layotgan jarayonda komissiya tarkibida “Ilm oroli”ning bir diviziyasi direktori professor Peng ham o‘tirgan edi. O‘sha yerda ilmiy taklifimni taqdim etdim, ular batafsil savol-javob qilishdi. Shundan so‘ng professor menga o‘z jamoasiga qo‘shilish taklifini berdi va shu orqali “Ilm oroli”da tadqiqotlar olib borish imkoniyatini qo‘lga kiritdim”¸– deydi Asrorbek.
Xitoy fanlar akademiyasi tizimidagi “Ilm oroli” yadro fizikasi, plazma fizikasi, biologiya, materialshunoslik, sun’iy intellekt kabi sohalarda tadqiqot olib boriladigan yirik ilmiy hududdir. Bu yerga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib bo‘lmaydi. Odatda, xorijlik talabalar CAS–ANSO Scholarship (Alliance of International Science Organizations) orqali tanlovdan o‘tadi. Saralov jarayoni ancha kuchli bo‘lib, bir necha bosqichdan iborat: avval onlayn ariza, so‘ng hujjatlar tekshiruvi, keyin tegishli institut tomonidan intervyu yoki imtihon bo‘ladi. Intervyular ilmiy rahbarlar, laboratoriya boshliqlari va professorlar ishtirokida o‘tadi.









