Tadbir Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi raisligida o‘tdi. Sammitda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham ishtirok etdi.

Kun tartibida Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya o‘rtasida “yashil iqtisodiyot” va barqaror rivojlanish, o‘zaro bog‘liqlik va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, inson resurslarini rivojlantirish kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev nutqida Yaponiya 20 yil muqaddam “Markaziy Osiyo plyus” muloqoti tashabbuskori bo‘lganini qayd etib, Buyuk ipak yo‘li davridan shakllangan savdo-madaniy aloqalar, o‘xshash an’ana va qadriyatlar o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish uchun mustahkam asos ekanini ta’kidladi. Prezident Yaponiyaning mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, infratuzilmasi, sanoat va energetika bazasini modernizatsiya qilish, fan-ta’lim hamda kadrlar salohiyatini mustahkamlashga qo‘shayotgan hissasini yuqori baholadi.

Davlat rahbari “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan qator tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, sammitlarni davlat rahbarlari darajasida har ikki yilda bir marta o‘tkazish taklif qilinib, navbatdagi uchrashuvlardan birini O‘zbekistonda qabul qilishga tayyorlik bildirildi.

Shuningdek, O‘zbekiston “Markaziy Osiyo – Yaponiya 2040” hamkorlik strategiyasini ishlab chiqib, hujjatga mintaqa mamlakatlarining barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish va ularni global iqtisodiy jarayonlarga chuqur integratsiya qilish bo‘yicha aniq dastur va loyihalarni kiritish tarafdori ekani aytildi. Yangi g‘oya va takliflarni ishlab chiqish maqsadida mamlakatlarning yetakchi tahlil tuzilmalari ishtirokida Ekspertlar forumini ta’sis etish muhimligi qayd etilib, uning ilk majlisini kelgusi yili Toshkentda o‘tkazish taklif etildi.

Iqtisodiy yo‘nalishda Yaponiya moliya institutlarining savdo-iqtisodiy va investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashini kengaytirish qo‘llab-quvvatlanib, Markaziy Osiyoning infratuzilmasi va sanoatini rivojlantirish investitsiya jamg‘armasini ta’sis etish g‘oyasi ilgari surildi. Uning negizida “Sifatli infratuzilma” bo‘yicha dasturni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Yaponiya texnoparklarining Markaziy Osiyo tarmog‘ini — sanoat kooperatsiyasi, mahalliylashtirish va texnologiyalar transferi mintaqaviy platformasini ishga tushirish mumkinligi ta’kidlandi.