Angliya: «Arsenal» yana birinchi

«Nyukasl Yunayted» – «Chelsi» 2:2
Gollar: Voltemade, 4 (1:0). Voltemade, 20 (2:0). Jyeyms, 49 (2:1). Joao Pedro, 66 (2:2)
«Nyukasl Yunayted»: Ramsdeyl, Sher, Tshau, Holl, Mayli, Tonali, Remsi (Uillok, 89), Gimarayns, Gordon (Vissa, 73), Myorfi (Barns, 73), Voltemade (Elanga, 73)
«Chelsi»: Sanches, Chaloba, Fofana, Kukurelya, Gyusto (Fernandes, 54), Jyeyms, Kaysedo, Palmer (Santos, 79), Garnacho, Pedru Netu, Joao Pedro
Ogohlantirishlar: Sher, 61. Vissa, 77. Holl, 86 – Sanches, 7. Garnacho, 27. Gyusto, 45. Kaysedo, 70. Santos, 82. Joao Pedro, 83

«Sent-Jyeyms Park»da bundan oldingi qatorasiga uch o‘yinni boy bergan «Chelsi» bu safar ham birinchi bo‘limni o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘tkazdi. Avvaliga Gordon tomonidan tashkillashtirilgan tezkor gol mehmonlarni karaxt holatga tushirib qo‘ydi. «Nyukasl» yetakchisi maydon markazida to‘pni olib qo‘yib hujum boshlab berdi va raqib jarima maydoni tomon yetib borib, olis ustun tomon zarba berdi, ustundan qaytgan to‘pni esa Voltemade darvoza to‘riga kiritib yubordi. Germaniyalik hujumchi bo‘lim davomida Gordon yordamida dublni rasmiylashtirdi va o‘tgan turda «Sanderlend»ga qarshi o‘yindagi avtogol uchun aybini yuvdi. Bu ikki gol oralig‘ida Entonining o‘zi ham darvozani ishg‘ol etishi mumkin edi, ammo londonliklar posboni Sanches to‘sin ostidan kirib ketayotgan to‘pni qaytarib qoldi.

Dastlabki 45 daqiqalikda «Chelsi» hujumda hech narsa yarata olmadi, ammo jamoa ikkinchi bo‘limga butunlay boshqacha kayfiyatda qaytdi va Ris Jyeyms ijrosidagi jarima zarbasi o‘yinni butkul o‘zgartirib yubordi. Bu vaziyatda darvozabon Ramsdeyl pozitsiya tanlashda xatoga yo‘l qo‘ygandi. Biroz o‘tib ushbu darvozabon Pedru Netuning xavfli zarbasini qaytardi, ammo londonliklarni endi to‘xtatib bo‘lmasdi. Ketma-ket hujumlar Joau Pedru hisobni tenglashtirishi bilan yakunlandi. Londonliklar darvozaboni Sanches o‘z uzatmasi bilan uni yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi, braziliyalik hujumchi bu imkoniyatdan foydalandi. «Chelsi» kiperi APLda darvozabonlar o‘rtasida yaratilgan vaziyatlar bo‘yicha yaqqol yetakchi (5), ammo u endigina ilk assistentlik ballini olishga muvaffaq bo‘ldi. Lekin o‘yin ikki tomonni ham qoniqtirmaydigan durang natija bilan yakunlandi. «Nyukasl» turnir jadvalining ikkinchi qismida qoldi, ko‘klar jamoasida esa top-4 ni tark etish xavfi mavjud.