Jamiyat | 17:38
865
3 daqiqa o‘qiladi

«Zamin» fondi ko‘magida «Ona Yer nidosi» hujjatli filmi suratga olindi

Film premerasi Toshkentdagi oliygohlarda bo‘lib o‘tdi. «Zamin» fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva talabalar bilan uchrashib, filmda tilga olingan tuproq degradatsiyasi muammolarini muhokama qildi, ekologik jarayonlar mintaqaning oziq-ovqat xavfsizligi uchun qanchalik xavfli ekanini ta’kidladi.

Foto: Zamin Foundation

Yerlarning tanazzulga uchrashi insoniyatning eng jiddiy ekologik muammolaridan biri bo‘lib, undan yer yuzidagi quruqlikning 40 foizi va 3,2 milliard kishi aziyat chekmoqda. Bu haqda «Zamin» fondi ko‘magida «Ona Yer nidosi» hujjatli filmi suratga olindi, uni fondning YouTube kanalida tomosha qilish mumkin.

Qayd qilinishicha, Markaziy Osiyoda umumiy yer maydonining qariyb 37 foizi degradatsiyaga uchragan bo‘lib, bu oziq-ovqat xavfsizligi, suv resurslari va iqlim barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 26 foizga yetgan: sho‘rlanish darajasi ortmoqda, tuproqdagi gumus miqdori va qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi kamaymoqda.

«Ona Yer nidosi» hujjatli filmi 4 dekabr kuni Butunjahon tuproq kuniga bag‘ishlangan xalqaro tadbirlar doirasida Italiyadagi FAO bosh qarorgohida ilk bor jamoatchilikka namoyish etildi.

O‘zbekistonda ushbu filmning premerasi Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universiteti hamda Davlat agrar universitetida bo‘lib o‘tdi. Bu film kamdan-kam hollarda kadrda ko‘rinadigan, ammo har kuni yer bilan ishlaydigan odamlar — fermerlar, agronomlar, olimlar haqida.

«Zamin» fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva talabalar bilan samimiy suhbatda tuproq degradatsiyasi muammolarini muhokama qildi, bo‘lajak mutaxassislarning g‘oya va takliflarini diqqat bilan tinglab, ekologik jarayonlar mintaqaning oziq-ovqat xavfsizligi uchun qanchalik xavfli ekanini ta’kidladi.

Ziroat Mirziyoyeva eko-maktab o‘quvchilari va talabalar bilan birgalikda tuproqning qadr-qimmati, uni dehqonlarning ko‘p asrlik tajribasi, barqaror amaliyotlar va ilg‘or texnologiyalarni uyg‘unlashtirish orqali asrab-avaylash bo‘yicha fermer va olimlarning sa’y-harakatlari haqidagi hujjatli filmni tomosha qildi.

Tadbirda, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar, FAO, BMT, BMTTD, Germaniya xalqaro hamkorlik agentligi (GIZ), Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD), Qurg‘oqchil hududlarda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari xalqaro markazi (ICARDA), KfW taraqqiyot banki va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Mavzuga oid