O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh Nigeriyadagi IShID jangarilariga zarba berdi

AQSh Nigeriya shimoli-g‘arbidagi «IShID» jangarilariga qarshi zarba berdi. Bu haqda 25 dekabr kuni prezident Donald Tramp va AQSh harbiylari ma’lum qildi.

«Bugun kechqurun mening ko‘rsatmam bilan AQSh — Shimoli-G‘arbiy Nigeriyada asosan begunoh nasroniylarni nishonga olib, vahshiyona o‘ldirib kelgan IShID terrorchilariga qarshi kuchli va halokatli zarba berdi», — dedi Tramp.

AQSh Harbiy-havo kuchlarining Afrika bo‘yicha qo‘mondonligiga ko‘ra, zarba Sokoto shtatida Nigeriya rasmiylari bilan muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilgan. Reutersʼning yozishicha, qo‘mondonlik dastlab zarba Nigeriya rasmiylari iltimosiga binoan amalga oshirilganini yozgan, biroq keyin bu bayonotini o‘chirib yuborgan.

AQSh noyabr oxiridan beri Nigeriyaning katta hududlari ustida razvedka ma’lumotlarini yig‘ib kelgan. AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset esa bu amaliyotlarning «davomi bo‘lishini» aytdi.

Nigeriya Tashqi ishlar vazirligi zarba AQSh bilan davom etayotgan xavfsizlik hamkorligi doirasida amalga oshirilganini tasdiqladi.

Nigeriya hukumati qurollangan guruhlar — musulmonlarni ham, nasroniylarni ham nishonga olishini aytgan. Shuningdek, hukumat AQShning Nigeriyada nasroniylar ta’qib qilinayotgani haqidagi da’volariga qo‘shilmaydi. Shu sababli, Nigeriya jangari guruhlarga qarshi kurashda AQSh bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lgani aytilmoqda.

Putinga tilangan o‘lim

Yil yakunida ukrainaliklarga an’anaviy murojaat qilgan prezident Volodimir Zelenskiy hamma bu kecha bitta tilakka ega ekanini — Rossiya prezidenti Vladimir Putinning o‘limini tilashayotganini aytdi.

«Rojdestvo kechasida orzungizni aytsangiz, u albatta, amalga oshadi deb ishonamiz. Bugun barchamiz bitta orzuni bo‘lishamiz. «U yo‘q bo‘lsin» har birimiz ichimizda shunday o‘ylashimiz mumkin», — dedi Zelenskiy Putinning ismini tilga olmasdan unga ishora qilib.

Zelenskiy ukrainaliklar mustaqillik uchun urushning ketma-ket to‘rtinchi yilida ham o‘z yeri va oilalarini himoya qilishda davom etayotganini aytgan.