Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
100 nafar tozalik posboni farzandlarining kontrakt to‘lovi to‘lab berildi
Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan mahallalar, ko‘chalarni toza-ozoda va obod saqlovchi respublika bo‘yicha jami 100 nafar «Tabiat uyg‘unligi himoyachilari»ga farzandlarining umumiy qiymati 916 mln 718 ming so‘m miqdoridagi kontrakt to‘lovlari qoplab berildi.
Shu munosabat bilan, 30 dekabr kuni qo‘mita raisi maslahatchisi hamda agentlik direktori Sharifbek Hasanov ishtirokida Toshkent shahridagi tanlov g‘oliblari xonadonida bo‘lib, maxsus sertifikatlar topshirildi.

Avvalroq hududlardagi sanitar tozalash korxonalari hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalik posbonlarini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Tabiat uyg‘unligi himoyachisi» tanlovi o‘tkazilishi haqida e’lon berilgandi. Bu borada Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 avgustdagi «„Tabiat uyg‘unligi himoyachisi“» tanlovini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 514-sonli qarorida belgilab qo‘yilgan.
«Tabiat uyg‘unligi himoyachisi» tanlovida sanitar tozalash korxonalarining chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi ko‘p yillar davomida sadoqatli mehnat qilgan xodimlari qatnashishdi.



Tanlovda qatnashish uchun Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligiga [email protected] elektron pochta manzili hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi agentligi hamda Toshkent shahri va viloyatlardagi boshqarmalari orqali jami 182 ariza kelib tushgan. Shundan so‘ng, arizalar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi (Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri)ning tegishli buyrug‘i bilan tuzilgan komissiya ishtirokida nizom talablari asosida shaffof va adolatli ko‘rib chiqilib, baholangan va 100 nafar munosiblari saralab olingan. Yangi yil bayrami arafasida g‘oliblarning davlat oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan farzandlariga agentlikning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan kontrakt to‘lovlari to‘lab berildi.
Bular:
– Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 19 nafar xodimga jami 157 493 mln so‘m miqdorida;
– Andijon viloyatidan 6 nafar xodimga jami 61 951 mln so‘m miqdorida;
– Buxoro viloyatidan 7 nafar xodimga jami 65 809 mln so‘m miqdorida;
– Jizzax viloyatidan 8 nafar xodimga jami 77 603 mln so‘m miqdorida;
– Qashqadaryo viloyatidan 8 nafar xodimga jami 73 828,5 mln so‘m miqdorida;
– Navoiy viloyatidan 9 nafar xodimga jami 81 912,5 mln so‘m miqdorida;
– Namangan viloyatidan 5 nafar xodimga jami 44 750 mln so‘m miqdorida;
– Samarqand viloyatidan 2 nafar xodimga jami 20 983 mln so‘m miqdorida;
– Sirdaryo viloyatidan 1 nafar xodimga jami 8 623 mln so‘m miqdorida;
– Surxondaryo viloyatidan 3 nafar xodimga jami 23 910 mln so‘m miqdorida;
– Toshkent viloyatidan 5 nafar xodimga jami 39 946 mln so‘m miqdorida;
– Farg‘ona viloyatidan 3 nafar xodimga jami 24 173 mln so‘m miqdorida;
– Xorazm viloyatidan 2 nafar xodimga jami 20 888,4 mln so‘m miqdorida;
– Toshkent shahridan 22 nafar xodimga jami 215 347,4 mln so‘m miqdoridani tashkil etadi.
«Bu kabi tanlovlardan ko‘zlangan maqsad avvalo inson qadrini yanada ulug‘lashdir. Shu bilan birga, uzoq yillar davomida tozalik va obodonchilik yo‘lida fidokorona xizmat qilib kelayotgan soha xodimlarini e’zozlash, ularning oila a’zolari uchun qulay imkoniyatlar yaratish barobarida farzandlarining Vatan ravnaqi yo‘lida munosib xizmat qiladigan ilmli, ziyoli kadr bo‘lib yetishishiga zamin yaratish orqali „Ijtimoiy lift“ tamoyilini qo‘llab-quvvatlashdan iborat», deyiladi Ekologiya va iqlim o‘zgarishlari vazirligi xabarida.