O‘zbekiston | 19:21 / 01.01.2026
16129
3 daqiqa o‘qiladi

Tuman hokimlari kengash raisi lavozimidan ketdi

29-30 dekabr kunlari O‘zbekistondagi barcha tuman (shahar)larda deputatlar orasidan mahalliy kengashga rais saylandi. Shu tariqa, 2024 yilda viloyatlar va Toshkent shahrida joriy etilgan hokimiyatning bo‘linish prinsipi tumanlar darajasida ham rasman qaror topdi. Yangi saylangan kengash raislaridan 15 foizi – ayollar. 5 nafari esa oliy ma’lumotga ega emasligi bilan ajralib turadi.

Foto: Kun.uz

29-30 dekabr kunlari O‘zbekistondagi 208 ta tuman (shahar)ning barchasida xalq deputatlari kengashlari sessiyalari o‘tkazilib, deputatlar orasidan kengashlarga raislar saylandi.

Shu tariqa, 2026 yil 1 yanvardan boshlab kengashlarga hokimlarning raislik qilishi tuman (shahar) darajasida ham barham topdi.

Viloyatlar va Toshkent shahri darajasida bunday amaliyotga 2024 yilda barham berilgan edi.

Senat axborotiga ko‘ra, 2025 yil 29-30 dekabr kunlari xalq deputatlari tuman (shahar) kengashi raisi etib saylanganlarning:

  • 31 nafari ayollar (14,9 foiz);
  • 18 nafari boshqa millat vakillari (8,5 foiz);
  • 203 nafari oliy ma’lumotli (97,5 foiz);
  • 21 nafari davlat mukofotlari bilan taqdirlangan (10 foiz);
  • 8 nafari ilmiy daraja va unvonga ega (4 foiz).

Hokimiyatning bo‘linish prinsipi

Mahalliy davlat boshqaruvida vakillik va ijro organlarini bir-biridan ajratish 2023 yilgi Konstitutsiya islohotida belgilangan edi.

Bungacha amalda bo‘lgan tartib, ya’ni hokimlar bir vaqtning o‘zida kengash raisi lavozimini ham egallashi – hokimiyatning bo‘linish va hokimiyat bo‘g‘inlarining o‘zaro tiyib turish prinsiplariga zid edi.

Yangi qoidaga ko‘ra, bundan buyon hokim bir vaqtning o‘zida kengash raisi lavozimini egallashi mumkin emas.

Vakolatlar

2023 yilda yangilangan Konstitutsiyaga asosan, xalq deputatlari kengashi va hokim o‘z vakolatlari doirasida tegishli hududdagi barcha tashkilotlar, shuningdek mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlar qabul qiladi.

Xalq deputatlari kengashlarining vakolatlari quyidagicha:

  • tegishli mahalliy budjetlarni ko‘rib chiqish va qabul qilish, ularning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
  • hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholini ijtimoiy himoya qilish dasturlarini tasdiqlash;
  • hokimni lavozimga tasdiqlash, uning faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitish;
  • Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.

Viloyatlar, tumanlar, shaharlar hokimlari esa quyidagi vakolatlarga ega:

  • O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarini, Oliy Majlis palatalarining qarorlarini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari hamda farmoyishlarini, Vazirlar Mahkamasining, yuqori turuvchi hokimlarning va tegishli xalq deputatlari Kengashlarining qarorlarini bajarish;
  • hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jihatdan rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish;
  • Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.

Hokimning ham, kengash raisining ham vakolat muddati – 5 yil. Ikkisi ham o‘z lavozimida surunkasiga ikki muddatdan ortiq o‘tirishi mumkin emas.

Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid