Hujjatdan kelib çiqişiça, Ukrainaga qilingan qurolli hujum Rossiyada qurol-yaroğga bölgan ehtiyojni, şuningdek ommaviy qirğin qurollarini işlab çiqariş uçun zarur texnologiyalarga talabni oşirgan. Şu bilan birga, 2022 yildan beri joriy etilgan Yevropa Ittifoqi sanksiyalari RF uçun bunday tovarlarni xarid qilişni “jiddiy qiyinlaştirgani” qayd etilgan.

Şunday şaroitda Rossiyaga aloqador tuzilmalar eksport çeklovlarini aylanib ötişga urinib, Germaniyadan yuqori texnologiyali mahsulotlarni sotib olişga harakat qilmoqda. Ular qatorida yuqori aniqlikdagi stanoklar, mikroelektronika, maxsus dasturiy ta’minot, ölçov va laboratoriya uskunalari, şuningdek ayrim materiallar bor.

BfV ma’lumotiga köra, bunday mahsulotlar Rossiyada qanday maqsadda işlatilişini yaşiriş uçun bu kabi operatsiyalarga Rossiya maxsus xizmatlari ham jalb etiladi. Bu esa yakuniy oluvçilarni va yetkazib berişlarning haqiqiy maqsadini niqoblaş imkonini beradi.

48 sahifalik hujjatda ta’kidlanişiça, bunday harakatlar ommaviy qirğin qurollari va tegişli texnologiyalar tarqalişi bilan boğliq xatarlarni kuçaytiradi. Gap faqat tayyor tizimlar haqida emas, balki bunday qurollarni işlab çiqiş, modernizatsiya qiliş va qöllaş uçun zarur bölgan texnika, materiallar va nou-xauga kiriş imkoniyati haqida ham ketmoqda.

Bu toifaga “ikki xil maqsadli” (dual-use) tovarlar ham kiradi — ular fuqarolik sohasida ham, harbiy sohada ham qöllanişi mumkin. Jumladan, yadro, biologik va kimyoviy qurol yaratişda, şuningdek raketalar, dronlar va boşqa yetkazib beriş vositalarini tayyorlaşda işlatilişi ehtimoli bor.

Idora bahosiga köra, Germaniya bu masalada alohida diqqat markazida. Tahlilda “Germaniyadan xarid qilişga qaratilgan xorijiy davlatlar urinişlarining soni va professional darajasi, umuman olganda, yuqori bölib qolmoqda va ösişda davom etmoqda”, deyiladi.

Germaniyaga qiziqiş sababi sifatida uning yetakçi industrial davlat ekani va köp sonli yuqori texnologiyali kompaniyalar, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda universitetlarga ega muhim ilmiy markaz sifatidagi örni körsatiladi. Potensial nişonlar sifatida ham yirik xalqaro konsernlar, ham muayyan texnologik yönalişlarda yetakçi bölgan örta kompaniyalar körilişi aytilgan.

Kerakli texnologiyalarni qölga kiritiş uçun tarqoq “xarid tarmoqlari”dan foydalaniladi: bu tarmoqlarda vositaçi yoki soxta kompaniyalar xaridor sifatida çiqib, haqiqiy oluvçini yaşiradi. Şuningdek, köp hollarda YeI davlatlari yoki uçinçi mamlakatlardagi vositaçilar orqali “aylanma yetkazib berişlar” taşkil qilinadi — maqsad logistikani çalğitiş va yakuniy manzilni pinhona saqlaş.