Jahon | 12:03 / 09.01.2026
11309
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Lviv oblastiga «Oreshnik» bilan zarba berdi

RF mudofaa vazirligi bu go‘yoki Putin qarorgohiga uyushtirilgan hujumga javob ekanini ma’lum qildi.

Foto: Videodan kadr

Rossiya qo‘shini 9 yanvarga o‘tar kechasi Lviv oblastidagi o‘ta muhim infratuzilma obektiga raketalar bilan yopirilma hujumni amalga oshirdi – bunda «Oreshnik» ballistik raketasi ham qo‘llangan.

Lviv shahri meri Andrey Sadovoy havo trevogasi e’lon qilinganidan keyin Lvivda kuchli portlash ovozlari eshitilganini xabar qildi. Keyinroq u o‘ta muhim infratuzilma obekti zarba ostida qolganini ma’lum qildi. «Bu „Oreshnik“ bo‘lgani – hozircha aniq emas. Harbiylardan ma’lumot kutilmoqda», – deya qo‘shimcha qilgan u. Zarba oqibatlari haqida xabar qilinmagan.

Ukraina qurolli kuchlarining «Zapad» havo kuchlari qo‘mondonligi 8 yanvar kuni soat 23:47 da Rossiya qo‘shinlari Lvivdagi infratuzilma obektlariga ballistik raketa yordamida zarba berganini ma’lum qildi. «Havo nishoni ballistik trayektoriya bo‘ylab soatiga taxminan 13 ming kilometr tezlikda harakatlangan», – deyiladi xabarda. Qanday raketalar qo‘llangani haqida keyinroq ma’lumot berilishi aytildi.

Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari qo‘mondonligi kommunikatsiya boshqarmasi boshlig‘i Yuriy Ignat raketa Astraxan oblastidagi Kapustin Yar poligonidan uchirilganini ma’lum qildi. «Ballistika qo‘llash tahdidi haqida ogohlantirish bor edi. Raketalar katta ehtimol bilan Rossiya Federatsiyasining Kapustin Yar hududidagi poligondan uchirilgan. Shundan so‘ng Lviv oblastida portlash ovozlari eshitildi», – dedi Ignat.

Ko‘p o‘tmay Rossiya mudofaa vazirligi Rossiya qo‘shinlari «Kiyevning Putin qarorgohiga uyushtirgan hujumiga javoban» «Ukrainaning muhim obektlariga yirik zarba amalga oshirilgani», bu hujumda «Oreshnik» raketalari ham ishtirok etganini tasdiqladi. Harbiy idora «zarba maqsadlariga erishilgani», jumladan, hujum uchun foydalanilgan dronlar «ishlab chiqarilgan obektlar» hamda Ukraina harbiy-sanoat kompleksi faoliyatini ta’minlovchi energetika infratuzilmasi obektlariga zarar yetkazilganini ma’lum qilgan.

  • Rossiya 2024 yil noyabrida Dniprodagi «Yujmash» zavodiga zarba berishda ham «Oreshnik» ballistik tizimidan foydalangandi. O‘shanda bu haqda Vladimir Putin ma’lum qilib, bu ukrain harbiylari Rossiyaning ichkari hududlariga zarba berish uchun g‘arb tomonidan yetkazib berilgan uzoq masofali ATACMS va Storm Shadow raketalaridan foydalanganiga javob ekanini aytgandi. «[„Oreshnik“] sinovi muvaffaqiyatli o‘tdi. Raketa uchirishdan maqsadga erishildi», – degandi Putin.
  • 2025 yil dekabr oyi oxirida Rossiya hukumati Ukraina Vladimir Putinning Valdaydagi qarorgohiga dronlar bilan hujum uyushtirganini xabar qildi. Kremldagilar buni nafaqat Putinga, balki Donald Trampga ham qarshi qaratilgan «terakt» sifatida baholab, bunga harbiy javob qaytarilishini va’da qilishgandi. Shu bilan birga, Rossiya tomoni hech qanday dalil taqdim etmagan. Donald Tramp esa bir necha kun o‘tib ukrainlar Putinning qarorgohiga hujum qilgani haqidagi xabarlarga ishonmasligini aytdi. «Men bunday zarba haqiqatan ham bo‘lganiga ishonmayman. [Qarorgohga yaqin joyda] nimadir bo‘lgan, ammo bularning o‘zaro aloqasi bo‘lmagan», – degan u.

Mavzuga oid