O‘zbekiston | 20:02 / 11.01.2026
3115
2 daqiqa o‘qiladi

Izmirdagi qamoqxonalarda saqlanayotgan vatandoshlar holidan xabar olindi

Diplomatlar O‘zbekiston fuqarolarini saqlash sharoitlari, tibbiy xizmat ko‘rsatish, oziq-ovqat ta’minoti, telefondan foydalanish, advokatlar va yaqin qarindoshlari bilan uchrashish, murojaatlarni qabul qilish huquqini berish holatlarini o‘rganishdi.

Foto: “Dunyo” AA

O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi diplomatlari Turkiyada bo‘lgan davrida jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan yoki tergovda bo‘lgan vatandoshlarga konsullik va huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida Izmir shahridagi ayollar va erkaklar axloq tuzatish muassasalarida bo‘ldilar.

Diplomatlar ushbu muassasalarda O‘zbekiston fuqarolarini saqlash sharoitlari, tibbiy xizmat ko‘rsatish, oziq-ovqat ta’minoti, telefondan foydalanish, advokatlar va yaqin qarindoshlari bilan uchrashish, murojaatlarni qabul qilish huquqini berish holatlarini o‘rganishdi.

Jazoni ijro etish muassasalari rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda kelgusida diplomatlarning vatandoshlar bilan muntazam uchrashuvlarini o‘tkazish, O‘zbekiston fuqarolariga konsullik va huquqiy yordam ko‘rsatish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olindi. Mahkumlarni O‘zbekistonga jazoni o‘tash uchun yuborish imkoniyatlari muhokama qilindi.

O‘zbekistonliklar bilan yakkama-yakka suhbatlar chog‘ida ularning muammolari ko‘rib chiqildi va Turkiya qonunchiligiga muvofiq ularning huquq va erkinliklari, majburiyatlari haqida ma’lumot berildi.

Mavzuga oid