Hindistonning sharqidagi Jarkxand shtatida yovvoyi fil kamida 20 kishini o‘ldirgan. hayvon hanuz qo‘lga olinmagan. O‘lim holatlari 1-9 yanvar kunlari G‘arbiy Singhbhum tumanidagi Chaibasa va Kolhan o‘rmon hududlarida sodir bo‘lgan.

The Guardian'ning yozishicha, yanvar boshidan buyon ushbu bir tishli fil qurbonlari soni 22 kishiga yetgan. U o‘rmonlar va qishloqlarni kezib, yo‘lida uchraganlarni bosib ketmoqda.

«Bu misli ko‘rilmagan holat. Hududda ilk bor shuncha o‘lim birgina erkak fil bilan bog‘lanmoqda,» dedi tuman o‘rmon bo‘limi boshlig‘i Kuldeep Mina. U butun hudud yuqori ogohlantirish holatiga o‘tkazilganini qo‘shimcha qildi.

Singhbhum tumani Hindiston xaritasida

Uning aytishicha, hozirgi asosiy vazifa — filni topish, tutish va xavfsiz tarzda yana tabiatga qaytarishdir. Tuman hokimi Chandan Kumar o‘lganlar orasida o‘rmon ishchisi ham borligini aytdi. Rasmiylar qurbonlar oilalariga moddiy yordam ajratilishini e’lon qilgan.

BBC'ning mahalliy rasmiylarga tayanib yozishicha, qurbonlardan biri, 34 yoshli erkak Bodijari qishlog‘idagi uyiga yaqin joyda ishidan qaytayotganda hujumga uchragan. 62 yoshli Urdub Bahoda dalasini qo‘riqlab turgan paytda o‘ldirilgan. O‘sha kechada 42 yoshli erkak esa uyining tashqarisida uxlab yotganida fil tomonidan bosib o‘ldirilgan.

Yana bir hodisada 5 yanvar kuni Kundra Bahoda va uning ikki farzandi – 6 yoshli Kodama va 8 yoshli Samu fil hujumida halok bo‘lgan.

Fil bilan to‘qnashuvlardan biri / Foto: BBC

O‘limlarning aksariyati kechasi – odamlar dalada va omborlarda saqlanayotgan sholini qo‘riqlayotgan paytda sodir bo‘lgan. Bu Hindiston qishloq hududlarida keng tarqalgan odat.