AQSh prezidenti Donald Tramp uchinchi haftadirki hukumatga qarshi namoyishlar davom etayotgan Eronga nisbatan bir necha «juda qat’iy» variantlarni ko‘rib chiqayotganini aytdi. The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, AQSh Yaqin Sharqdagi ittifoqchilarini Eron bo‘ylab yo‘llanadigan zarbalarga tayyor turish haqida ogohlantirgan. AQShning harbiy aralashuvi qanday ko‘rinishda bo‘lishi mumkinligi (va umuman, aralashuvning o‘zi bo‘lish-bo‘lmasligi) haqida hozircha rasman xabar berilmadi. Britaniyadagi The Telegraph gazetasi to‘rtta ehtimoliy ssenariyni ko‘rib chiqdi.

«Ramziy zarbalar»

Birinchi variant – Tehronga namoyishchilarga qarshi kuch ishlatib bo‘lmasligi to‘g‘risida signal berish, shuningdek, AQSh prezidenti Donald Trampning namoyishchilarni qatl etish boshlangan taqdirda Eronga zarba berilishi haqidagi tahdidini tasdiqlashgagina qaratilgan «ramziy» havo hujumi yoki zarbalar seriyasini amalga oshirish.

Bunday zarbaning ehtimoliy nishonlari Eron yadroviy dasturi yoki kuchishlatar idoralari bilan bog‘liq har qanday obektlar bo‘lishi mumkin – masalan, Islom inqilobi muhofizlari korpusi bazalari. Effektni oshirish uchun amerikaliklar Tehronning o‘zida joylashgan qandaydir rasmiy idoraga ham hujum uyushtirishi mumkin. Bu turdagi operatsiya uchun AQShning Fors ko‘rfazi mintaqasida joylashgan harbiy kuchlari yetarli bo‘ladi.

The Telegraph yozishicha, bu signal «rejimni namoyishchilarga qarshi qonli repressiyalarni yumshatishga ko‘ndirish» uchun yetarli bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, agar hujum faqat ramziy ma’noda bo‘lishi bildirib qo‘yilsa, u teskari effekt keltirib chiqarishi – Eron rasmiylarida amerikaliklar aslida mojaroga jiddiy aralashish niyatida emasligi haqida xulosa hosil qilishi mumkin.

Uzoq davom etuvchi yopirilma zarbalar

Ikkinchi variant – Erondagi rejimni ag‘darish maqsadidagi keng ko‘lamli harbiy kampaniya. Bu holatda amerikalik harbiylar nafaqat harbiy idoralarning shtab-kvartiralarini, balki Islom inqilobi muhofizlari korpusining butun mamlakat bo‘ylab joylashgan ko‘plab bazalarini ham bombalashi kerak bo‘ladi.

The Telegraph 2025 yil iyunida Isroil aviatsiyasi qariyb ikki hafta mobaynida Erondagi obektlar bo‘ylab zarbalar bergani, ammo bu rejimni almashtirish uchun yetarli bo‘lmaganini eslatadi – shu tufayli bu variant tanlanadigan bo‘lsa, amerikaliklar yanada keng ko‘lamliroq va davomliroq bombalashni amalga oshirishiga to‘g‘ri keladi. Tahlilchilar fikricha, nafaqat rejimning muhim funksionerlari, balki davlat nashrlari, sud va prokuratura idoralaridagi amaldorlar ham nishonga aylanishi kerak.