“Huquqiy axborot” kanalida keltirilgan ma’lumotga ko‘ra, qaror bilan kitobxonlikni rag‘batlantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, Yoshlar ishlari agentligi huzurida “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi” tashkil etilishi va uning vasiylik kengashi tarkibi tasdiqlangan.

Qarorga muvofiq, jamg‘arma mablag‘lari quyidagi yo‘nalishlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan:

  • tanlov asosida yosh yozuvchilarga grantlar ajratish, asarlarini nashr etish, shuningdek bolalar adabiyoti loyihalarini qo‘llab-quvvatlash;
  • tanlov orqali iste’dodli mualliflarni aniqlash va ularga ijod uchun sharoit yaratish maqsadida 1 yilgacha har oy BHMning 50 baravari miqdorida to‘lov belgilash;
  • eng sara xorijiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga, milliy adabiyotlarni esa xorijiy tillarga tarjima qilish bo‘yicha nashrga tayyorlash va chop etish xarajatlarining 50 foizi, mualliflik huquqi uchun xarajatlarning 80 foizini qoplash;
  • vasiylik kengashi a’zolariga har chorakda BHMning 50 baravarigacha miqdorda mukofot to‘lash.

Qaror bilan belgilangan choralar aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasini kengaytirish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda tarjima va nashr ishlarini rag‘batlantirishga qaratilgan.