«Manchester Yunayted» – «Manchester Siti» 2:0
Gollar: Mbeumo, 65 (1:0). Dorgu, 76 (2:0)
«Manchester Yunayted»: Lammens, Maguayr, Martines, Shou (Heven, 90+1), Dalot, Kazemiro (Ugarte, 81), Maynu, Brunu Fernandesh (Maunt, 90+1), Dorgu, Diallo, Mbemo (Kunya, 71)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Husanov, Alleyn (O`Rayli, 46), Ake, Lyuis, Rodri, Bernardu Silva (Ayt Nuri, 80), Foden (Sherki, 46), Doku (Reynders, 80), Semenio, Holand (Mukasa, 80)
Ogohlantirishlar: Dalot, 11. Shou, 17 – Rodri, 45. O`Rayli, 48. Lyuis, 75

«Old Trafford»dagi o‘yinda mezbonlar ilk daqiqalardanoq raqib jarima maydonini shturm qilishga kirishdi. Uchinchi daqiqadayoq Maguayrning zarbasidan keyin to‘p to‘singa tegdi. Bo‘limning qolgan qismida ham favoritlar emas, maydon egalari katta ustunlikka ega bo‘lishdi.

Birinchi bo‘limning o‘zida ikki vaziyatda «Siti» futbolchilarining o‘ta qo‘pol xatolari golga olib kelishi mumkin edi. Avvaliga himoyada majburan o‘ynatilayotgan yosh Alleynning darvozabon tomon uzatmasi o‘ta kuchsiz chiqdi va to‘pni raqib egallab olishiga bir baxya qoldi, ammo Donnarumma to‘pga yetib kelishga va uzoqlashtirishga ulgurdi. Keyin esa tajribali Rodri o‘z jarima maydonida turib ortga pas berishda xato qildi, bu safar Husanov qutqardi. «MYu» futbolchilari ikki bor darvozani ishg‘ol qilishdi ham, ammo bu gollar kichik ofsayd holatlari tufayli bekor qilindi. Dorguning zarbasidan keyin esa Donnarumma yaxshi harakat qildi.

Boshqa tomondan, Dalotning qo‘polligi mezbonlarga qimmatga tushishi ham mumkin edi. «MYu» himoyachisi butsasining ostki qismi bilan Dokuning oyog‘iga zarba berdi, ammo hakam kontakt kuchsiz bo‘lganini inobatga olib, qizil kartochka ko‘rsatmadi.

Gvardiola tanaffusdayoq almashtirishlar amalga oshirdi. Foden va Alleyn o‘rniga Sherki va O'Rayli maydonga tushdi. Ammo o‘yin kartinasi o‘zgarmadi. «Siti» birinchi bo‘limdagi kabi to‘pga egalik qilishda davom etdi, ammo golli vaziyatlar faqat «MYu»da bo‘ldi.

O‘yinning 56-daqiqasida aynan O'Rayli Dorguni o‘tkazib yubordi va jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarba yo‘lladi. Donnarumma uning zarbasini qaytardi, ammo keyin Ake to‘pni uzoqlashtira olmadi va Kazemiroda hisobni ochish uchun o‘ta qulay imkoniyat yuzaga keldi. Ammo u ikki metrdan turib yo‘llagan zarbani hali yerda yotgan darvozabon oyoqlari bilan qaytarib qoldi.