BBC afg‘on xizmati Afg‘onistonda internet uzilishi bo‘yicha katta surishtiruv e’lon qildi. Bu voqea 2025 yil sentabr oyida sodir bo‘lgan va atigi bir necha kun davom etgan. Rasmiy versiyada gap texnik nosozlik bilan izohlangan. Jurnalistlar aniqlashicha, aslida buning ortida hukmron «Tolibon» harakatining «radikallar» va «pragmatiklar»ga bo‘linishi turibdi – va bu holatda «pragmatiklar»ning qo‘li baland kelgan.
2021 yil yozida AQSh qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqib ketib, «Tolibon» mamlakatdagi hokimiyatni o‘z qo‘liga olganidan beri davlat rahbari mulla Haybatulloh Oxundzoda hisoblanadi. U «oliy rahnamo» (pushtu tilida «mashar», dariy tilida «rahbar») va «amir ul-mo‘minin» (arabcha «mo‘minlar boshlig‘i») unvonlariga ega. 1990-yillar o‘rtalarida «Tolibon» ilk bor hokimiyatga kelganida u oliy hakam bo‘lgan, 2016 yilda harakatning avvalgi rahbari mulla Axtar Mansur Amerika raketa zarbasi natijasida halok bo‘lganidan keyin uning o‘rnini egallagan.
2017 yilda Oxundzodaning o‘g‘li xudkushlik hujumini amalga oshiradi: u Afg‘oniston janubidagi Hilmand viloyatida hukumat kuchlari blokpostiga portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan avtomashinani haydab keladi. Oxundzodaning shaxsan o‘zi o‘g‘lini bu operatsiyaga ko‘ndirgani aytiladi.

Wakil Kohsar / AFP / Scanpix / LETA
Toliblar hokimiyatga qaytganidan keyyn Oxundzoda Afg‘oniston poytaxti Kobulga ko‘chib o‘tmasdan, mamlakat janubidagi Qandahor shahrida qoladi. «Tolibon» harakati aynan shu shaharda shakllangan, bu shahar hamon harakatning asosiy markazi va tayanchi bo‘lib qolmoqda. Oxundzoda oliy rahnamo sifatida rasman hech kim oldida mas’ul emas va uning buyruqlari muhokama qilinmaydi. U juda kamdan kam hollarda omma oldida ko‘rinish beradi. Uning faqat ikkita fotosurati va bir nechta audioyozuvlari ma’lum – asosan Qandahor masjidlaridagi va’zlari.
Davlatning kundalik boshqaruvi uchun bosh vazir Hasan Oxund mas’ul – keksa yoshli mulla, «Tolibon» asoschilaridan biri, birinchi rejim davrida tashqi ishlar vaziri bo‘lgan.
2021 yildan beri «Tolibon» hukumatida ham shartli ravishda «Qandahor» va «Kobul» deb nomlangan ikkita fraksiya shakllangan. «Qandahorliklar», jumladan, bosh vazir Oxund ham Oxundzodaga ergashadi. Bular asosan ilohiyotchilar va musulmon huquqshunoslari bo‘lib, ular uchun shariat me’yorlariga so‘zma-so‘z va imkon qadar boricha qat’iy rioya qilish hamda Afg‘onistonni tashqi dunyodan to‘liq izolyatsiya qilishga intilish xosdir.











