Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yana bir propagandachi Markaziy Osiyo mamlakatlari suverenitetiga qarshi chiqdi
Rossiyalik faylasuf va Z-propagandachi Aleksandr Dugin «dunyoning yangi modeli»da possovet makonida suveren davlatlar mavjud bo‘la olmasligi haqida gapirdi. U Rossiya nazoratida bo‘lmagan davlatlar AQSh va Yevropa Ittifoqining yoki Xitoyning «qal’alari»ga aylanishini ta’kidlagan.
Foto: Dmitriy Astaxov / RIA Novosti
Shu kunlarda e’lon qilingan intervyusida Dugin «uch qutbli dunyo» shakllanishi haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu dunyoda Rossiya «kuch markazi»ga aylanishi va atrofdagi hududlarni o‘z nazoratiga olishi kerak.
«Barcha narsa shiddat bilan o‘zgarmoqda, ammo bizning maqsadimiz bu uch qutbli dunyoda eng muhim kuch markaziga aylanish – suveren, erkin, mustaqil, ulkan. Va biz o‘z nazoratimizga olmagan barcha hududlar betaraf hududlar bo‘lib qolmaydi, ular shunday bir yoqimli, tinch Shveytsariya bo‘lib qolmaydi», – degan u.
Duginning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya nazorati ostida bo‘lmaydigan hududlar AQSh va Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Xitoyning «forpostlari»ga aylanadi. «Ular yoki bizning yagona ittifoqimizning bir qismiga, yoki G‘arbning platsdarmiga aylanadi», – deydi nazariyotchi.
Shundan keyin Dugin milliy davlatlar davri «tugagani»ni aytib, O‘zbekiston va sobiq ittifoq tarkibida bo‘lgan boshqa respublikalar suverenitetini amalda rad etgan.
«Shu sababli suveren Armaniston yoki suveren Gruziya yoki suveren Ozarboyjon, suveren Qozog‘iston, suveren O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston mavjudligiga rozi bo‘lib bo‘lmaydi. Ushbu yangi modelda hech qanday suveren narsa mavjud bo‘lishi mumkin emas. Tamom, suverenitet tugadi, milliy davlatlar o‘tmishda qoldi. Bu chiqindi», – dedi u.
Ma’lumot uchun, Aleksandr Dugin – rossiyalik faylasuf va publitsist, neoyevrosiyochilikning asosiy mafkurachilaridan biri hisoblanadi.
U Foreign Policy jurnali tomonidan 2014 yilda dunyoning eng nufuzli 100 nafar mutafakkiri ro‘yxatiga kiritilgan. U Ilin nomidagi Oliy siyosiy maktabni hamda Xalqaro Yevrosiyo harakatini boshqaradi.
Dugin bir necha bor ultramillatchi va radikal qarashlari (ko‘plab tadqiqotchilar va huquq himoyachilari tomonidan fashistik yoki fashizmga yaqin deb baholangan) uchun ko‘p marta tanqidga uchragan. U «dushman» davlatlarga kuch ishlatish va ularni yo‘q qilishga chaqirishi, shuningdek, antiliberal, G‘arbga va Ukrainaga qarshi ritorikasi bilan tanilgan. DW ma’lumotlariga ko‘ra, u bir necha yildan beri Qozog‘istonda persona non-grata deb e’lon qilingan.
Bundan oldinroq, rossiyalik yana bir propagandachi Vladimir Solovyov Rossiya Ukrainada bo‘lgani kabi Armaniston va Markaziy Osiyo davlatlarida ham «maxsus harbiy operatsiya» boshlashi kerakligi haqida gapirib, buni «milliy xavfsizlikni ta’minlash masalasi» deb atagan. Uning bu so‘zlari internetning o‘zbek segmentida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Xususan, «Yuksalish» umummiliy harakat raisi Bobur Bekmurodov «bunday provokatsiyalar qo‘shnilarni dushmanga aylantirishini, O‘zbekistonda o‘zini himoya qilish uchun iroda ham, resurs ham, jasorat ham yetarli» ekanini ta’kidladi.
Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova esa Solovyovning so‘zlari yuzasidan izohida «bu teleboshlovchining shaxsiy fikri» bo‘lgani va bu so‘zlar hukumat pozitsiyasini ifoda etmasligini bildirdi.
Mavzuga oid
09:51 / 10.12.2025
London Dugin va "Rybar" Telegram-kanaliga nisbatan sanksiya joriy etdi
16:19 / 26.09.2025
Rossiyalik propagandachi Tigran Keosayan vafot etdi
14:37 / 21.07.2025
Aliyevning Ukrainaga iltifotidan keyin Z-kanallar Ozarboyjon bilan urushga tayyorlanishga chaqira boshladi
17:35 / 16.07.2025