Tramp Tinchlik kengashi tuzilganini e’lon qildi va dunyo yetakchilariga a’zolik bo‘yicha takliflar yubordi. Ushbu organ G‘azo sektorida tinchlikka rioya etilishini nazorat qilish uchun yaratilayotgan edi, biroq BMTga raqobatchi tuzilmaga aylanib qolishi ham mumkin.
16 yanvar kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Tinchlik kengashini shakllantirishi haqida ma’lum qildi. 2025 yil noyabr oyida BMT ushbu kengashni tuzish rejasini qo‘llab-quvvatlagan paytda, u xalqaro huquqiy sub’yektlikka ega bo‘lgan o‘tish davri ma’muriyati sifatida ko‘zda tutilgan edi: u «Kompleks reja»ga muvofiq hamda xalqaro huquqning tegishli tamoyillariga tayanilgan holda «G‘azoni tiklashni moliyalashtirishni muvofiqlashtirishi» kerak edi. Ammo dastlabki rejalarga zid ravishda, Tramp loyihasi BMTga raqobat qila oladigan xalqaro tashkilot ko‘rinishiga keldi.
AQSh prezidenti o‘zining TruthSocial ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozdi: «Ishonch bilan ayta olamanki, bu – har qanday vaqt va har qanday joyda yig‘ilgan eng buyuk va nufuzli kengashdir». Shu kuni Oq uy dunyo yetakchilariga yuborgan takliflar haqida ham ma’lum bo‘ldi. Bloomberg manbalarga tayanib xabar berishicha, takliflar bilan birga siyosatchilarga tashkilot nizomi ham taqdim etilyapti. Unda tashkilotning maqsadi quyidagicha belgilangan: «barqarorlikka ko‘maklashish, ishonchli va qonuniy boshqaruvni tiklash hamda nizodan jabr ko‘rgan yoki nizo xavfi mavjud hududlarda uzoq muddatli tinchlikni ta’minlash».
Financial Times nashri yozishicha, hujjat matnida G‘azo tilga olinmagan, ammo «tinchlikni mustahkamlash uchun yanada moslashuvchan va samarali xalqaro organ» tuzish zarurligi alohida ta’kidlangan. Jurnalistlar va ekspertlar buni Tramp harakatsizligi uchun bir necha bor tanqid qilgan BMT Xavfsizlik kengashiga yangi tashkilot raqobatchi bo‘lishi mumkinligiga ishora deb baholagan.
Nizomda kengashning doimiy a’zosi bo‘lishni istagan davlatlar birinchi yil davomida 1 mlrd dollar miqdorida badal to‘lashi kerakligi ko‘rsatilgan, shu yo‘l bilan yig‘ilgan barcha mablag‘lar G‘azo sektorini tiklashga yo‘naltiriladi. Vaqtinchalik a’zolik esa bepul bo‘lib, mamlakatga uch yil muddatga beriladi.
Kengashda har bir davlat bitta ovozga ega bo‘ladi. Qarorlar ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi, biroq har bir qaror kengash raisi – ya’ni Tramp tomonidan tasdiqlanishi shart. U tashkilot a’zolarining yakuniy ro‘yxatini ham tasdiqlab beradi. Hujjatda ovoz berish yiliga kamida bir marta o‘tkazilishi, qo‘shimcha yig‘ilishlar esa «rais ma’qul deb hisoblagan vaqt va joyda» chaqirilishi qayd etilgan. Ovoz berishsiz uchrashuvlar esa har chorakda kamida bir marta tashkil etiladi.
AP manbalariga ko‘ra, Davosda boshlanayotgan Jahon iqtisodiy forumi davomida kengash tashkil etilgani haqida rasmiy e’lon berilishi kutilyapti.










