O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Trampning Tinchlik kengashi

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘nlab davlatlar rahbarlariga G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasining keyingi bosqichini nazorat qiladigan yangi «Tinchlik kengashi»ga qo‘shilish taklifini yubordi.

Fransiya, Isroil, Vetnam, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Rossiya, Belarus, Sloveniya, Tailand va Yevropa Ittifoqining ijro etuvchi organi ham taklifnoma olganlar qatorida. A’zo bo‘lish uchun Tramp 1 milliard dollar so‘rayotgan kengashga nechta yetakchi taklif etilgani aniq emas.

O‘zaro kelishmovchiliklarga ega davlatlarga ham takliflar yuborilayotgani kengashning vakolatlari va qaror qabul qilish mexanizmlariga oid savollarni keltirib chiqarmoqda.

Taklif xatlarida Tramp tomonidan kiritilgan kengash «global mojarolarni hal etishda jasur va mutlaqo yangi yondashuvni boshlaydi», deyilgan. Ko‘plab davlatlar Trampning taklifi tafsilotlarini o‘rganmoqda, ba’zilari esa qabul qilgan. Lekin 1 milliard dollarlik badal masalasi ham ochiq qolgan.

Ismi oshkor etilmagan AQSh rasmiysining AP’ga aytishicha, 1 milliard dollar miqdoridagi hissa kengashda doimiy a’zolikni ta’minlaydi va bu mablag‘ G‘azoni tiklashga yo‘naltiriladi. Uch yillik a’zolik esa moliyaviy badal talab qilmaydi.

AQSh rasmiy a’zolar ro‘yxatini yaqin kunlarda, ehtimol, Shveytsariyaning Davos shahrida o‘tkaziladigan forumda e’lon qilishi kutilmoqda. Isroilning o‘ta o‘ng qarashlari bilan tanilgan moliya vaziri Bezalel Smotrich Tinchlik kengashini Isroil uchun noqulay kelishuv deb atab, uni tugatishga chaqirdi.

Jahon banki hisobotiga ko‘ra, G‘azo sektorini qayta tiklash uchun 53 milliard dollar kerak bo‘ladi. Ayrim nodavlat tashkilotlar G‘azoda faoliyatini «sezilarli darajada kengaytirgan», biroq vaziyat o‘ta nozikligicha qolmoqda. Aholining 77 foizi kuchli darajada oziq-ovqat yetishmovchiligi bilan yuzlashmoqda.

Xitoy aholisi kamaymoqda

2025 yil Xitoyda tug‘ilish darajasi rekord darajada past ko‘rsatkichga tushdi. Dushanba kuni e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, tug‘ilish darajasi har 1 000 kishiga 5,63 taga tushdi. Bu — 1949 yildan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkich. O‘lim darajasi esa har 1 000 kishiga 8,04 taga yetib, 1968 yildan beri eng yuqori darajani ko‘rsatdi.