O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Tramp Grenlandiyadan «voz kechdimi?»
AQSh prezidenti Donald Tramp Grenlandiyani egallab olish uchun bosim vositasi sifatida bojlar joriy etish haqidagi tahdidlardan kutilmaganda ortga chekindi. U kuch ishlatishni rad etib, Daniyaga qarashli ushbu hudud borasidagi mojaroni yakunlash uchun kelishuv yaqin ekanini bildirdi.
Bu bayonot – 21 yanvar kuni Shveytsariyada NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvdan so‘ng yangradi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu kelishuv «Oltin gumbaz» raketaga qarshi mudofaa tizimini yaratish istagi va muhim foydali qazilmalarga kirish imkonini qondiradi, shu bilan birga Arktikadagi Rossiya va Xitoy ambitsiyalarini to‘sib qo‘yadi.
«Bu hammani juda xursand qiladigan, uzoq muddatli kelishuv. Bu eng oxirgi, eng uzoq muddatli kelishuv. U barcha tomonlar uchun foydali pozitsiyani ta’minlaydi, ayniqsa xavfsizlik va foydali qazilmalar masalasida. Bu abadiy kelishuv», dedi Tramp jurnalistlarga.
Trampning hududga to‘liq «egalik» qilish haqidagi talablarini qanday kelishuv qondirishi mumkinligi noma’lum. Grenlandiya aholisi va yetakchilari bu hudud sotilmasligini bir necha bor ta’kidlagan.
NATO vakilining aytishicha, orol ustidagi muzokaralar — Rossiya va Xitoy hech qachon Grenlandiyada mustahkam o‘rin egallamasligini ta’minlashga qaratilgan holda davom etadi.
Trampning Grenlandiya haqidagi bayonotlari Davosda asosiy mavzuga aylandi. U o‘zini G‘arb qadriyatlarining himoyachisi sifatida ko‘rsatdi. «Bizga jiddiy zaiflashgan emas, balki kuchli ittifoqchilar kerak», dedi Tramp.
Grenlandiya bo‘yicha kuch ishlatish tahdidini chetga surganiga qaramay, Tramp «Maduro operatsiyasi» misolida AQSh harbiy qudrati bilan maqtandi. Daniyani «noshukr» deb atadi.
U hududiy mojaroni «muz bo‘lagi» uchun bildirilgan «kichik talab» sifatida ko‘rsatdi va Grenlandiyani qo‘shib olish NATOga hech qanday tahdid solmasligini aytdi.
Uning Grenlandiyani — Islandiya deya adashtirishlari va boshqa ajabtovur talablaridan iborat nutqi Davosda noqulay nigohlar va yengil kulgiga sabab bo‘ldi, biroq aksariyat siyosatchilar sukut saqladi.








