Venada Avstriyaning hozir tarqatib yuborilgan Konstitutsiyani himoya qilish va terrorizmga qarshi kurash federal idorasi (BVT)ning sobiq xodimi Egisto Ott ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlandi. U Rossiya foydasiga josuslikda gumonlanmoqda. “Bosh inspektor Ott ko‘p yillar davomida Rossiya maxsus xizmatini Avstriya Respublikasi manfaatlariga zarar yetkazgan holda qo‘llab-quvvatlab kelgan”, — dedi prokuror payshanba kuni, 22 yanvarda Vena yer sudidagi eshituvlarning birinchi kunida.

Ottga davlatga xiyonat qilish, Avstriya xavfsizligi va u josuslik qilgan shaxslar xavfsizligiga tahdid solish ayblovlari qo‘yilgan. Bundan tashqari, unga xizmat vakolatini suiiste’mol qilish va poraxo‘rlik ham ayb sifatida qo‘yilmoqda.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, Ott 2015–2022 yillar oralig‘ida Avstriyada va xorijda maxfiy ma’lumotlar to‘plab, buni Wirecard kompaniyasining sobiq top-menejeri Yan Marsalek topshirig‘i bilan amalga oshirgan. Marsalek 2020 yili Rossiyaga qochib ketgan va xalqaro qidiruvda.

Jumladan, Avstriya maxsus xizmati xodimi “Yevropa ma’lumotlar bazalari”dan foydalanib ma’lumot yig‘gan va Italiya hamda Buyuk Britaniyaga “yordam so‘rovlari” yuborgan. Uning qiziqish obekti — o‘z mamlakatidan qochib chiqqan Rossiya fuqarolari, shuningdek bir jurnalist va Rossiya razvedkasining sobiq xodimi bo‘lgan.

Avstriya prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, Ott ma’lumotlarni Moskvaga Marsalek orqali, shuningdek Bolgariya fuqarosi orqali ham yetkazgan. Ushbu bolgariyalik shaxs 2025 yili Londonda Rossiyaning josuslik tarmog‘i ishi doirasida sudlanib, hukm qilingan. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Ott buning uchun 80 ming yevrodan ortiq pul olgan.

AFP agentligi o‘z qo‘lidagi ayblov xulosasiga tayanib yozishicha, avstriyalik tergovchilar Ottni 2019 yili Berlindagi Tirgarten bog‘ida chechen qo‘mondoni bo‘lgan Zelimxon Xonqoshvilining Rossiya agenti Vadim Krasikov tomonidan o‘ldirilishi bilan bog‘laydigan hujjatni topgan. Prokuratura bu hujjatni “YeI hududida kelgusida to‘siqsiz va muvaffaqiyatli suiqasdlar qilish bo‘yicha yo‘riqnoma” deb atagan.

Dpa agentligi prokuratura ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, Xonqoshvili o‘ldirilgani va Krasikov qo‘lga olinganidan ikki hafta ham o‘tmay, Ott operatsiyadagi omadsizliklar tahlili va razvedka ma’lumotlari asosida qotilliklarni qanday o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar tayyorlagan. Prokurorning aytishicha, bu hisobot Avstriya hokimiyati topshirig‘i bilan tayyorlanmagan, chunki “Avstriya xorijda odam o‘ldirishni buyurmaydi”.