Assalomu alaykum. Bugun 25 yanvar, yakshanba. Amerikalik milliarder Donald Trampning benefisiga aylangan hafta ortda qolyapti. Hafta davomida mister Tramp Grenlandiyaga tahdidlarni davom ettirdi, kechagacha ajralmas ittifoqchi bo‘lgan Yevropa va Amerikani deyarli dushmanga aylantirdi. Lekin Erondagi namoyishchilarga va’da qilgan yordamni ko‘rsatishga jur’ati yetmadi.

Shuningdek, hafta davomida aqldan ozayotgan dunyoda sobiq SSSR tarkibiga kirgan yana bir davlat o‘z xavfsizligidan xavotirga tushib, qo‘shni davlat bilan birlashish haqida jiddiyroq o‘ylay boshladi. Zelenskiy esa Rossiya kemalarini cho‘ktirish bo‘yicha yevropaliklarga tavsiyalar berdi. Quyida hafta davomida dunyo siyosatida sodir bo‘lgan shu va boshqa muhim voqealarni birgalikda eslaymiz.

«Grenlandiya bizniki», dedi Tramp

Demak amerikalik Tramp hafta davomida Daniyaga tegishli bo‘lgan dunyodagi eng katta orol Grenlandiyaga nisbatan tahdidlarini davom ettirdi. Orol aholisi Amerikaga qo‘shilmasligini aytib namoyishga chiqqani, hatto urushishga tayyorligini aytgani ham milliarderni fikridan qaytara olmadi.

Haftaning eng muhim uchrashuvi Shveytsariyaning Davos shahrida o‘tkazildi. An’anaviy iqtisodiy forumda Trampga ham so‘z berishdi. Uning aytishicha, Grenlandiya Amerikaga «mintaqa xavfsizligini ta’minlash uchun» kerak ekan. Shuningdek, Amerika Ikkinchi jahon urushidan keyin Daniyaga Grenlandiyani qaytargan ekan.

Shu yerda qofiya kelganda ma’noni bir chekkaga surib gapirib yuborgan Tramp tarixiy xatoga yo‘l qo‘ydi. Chunki Grenlandiya hech qachon Amerikaniki bo‘lmagan. Ikkinchi jahon urushi vaqtida Daniya nemislar orolni egallashidan qo‘rqib, u yerda amerikaliklar harbiy baza qurishi bo‘yicha kelishuv imzolagan. Huquqiy jihatdan Grenlandiya 1933 yildan Daniyaga tegishli.

Tramp yevropaliklar oldida chiqish qilib, AQSh ular uchun qilgan ishlarini minnat qildi. Orada Amerika qilmagan ishlarni ham sanab o‘tdi, o‘sha gap, qofiya kelib qoldi. Keyin «shuncha qilganimizdan keyin bittagina narsa so‘rayapman, bir parcha muz», dedi. Qiziq zamonda yashayapmiz, atrofga qarasangiz, hamma narsa zamonaviy, inson ongi rivojlangandek go‘yo, lekin Yevropadagi oriylar qatnashadigan eng zo‘r iqtisodiy forumda dunyodagi eng boy davlat vakili chiqadi-da, butun boshli mamlakat hududiy yaxlitligi haqida mazax qilib gapiradi.

Janob, siz viskiga solib ichish uchun bir parcha muz so‘rayotganingiz yo‘q, siz bir parcha muz deyotgan o‘sha sovuq o‘lkani minglab odamlar vatan tutgan, o‘z hayotini qurgan. Siz ulardan ota hovlisini, vatanini sotishni so‘rayapsiz. Bo‘lmasa bosib olaman deyapsiz. O‘zidan kuchsizlarga bunaqa o‘dag‘aylash aslo kuchlilar xususiyati emas. Kimdir atrofidagi hammaga tahdid qilyaptimi, u kuchli emas, shunchaki kuchli ko‘rinishga urinyapti. O‘tgan asr o‘rtasida ham bittasi butun Yevropaga tahdid qilib chiqqandi. Oxiri nima bo‘ldi? Hatto sudda turib javob berishga ham jur’ati yetmadi.