Jamiyat | 18:12 / 28.01.2026
5750
2 daqiqa o‘qiladi

Uzbekistan Airways bortkuzatuvchilar uchun yangi libos namunalarini taqdim etdi

Xizmat libosini yangilash to‘g‘risidagi qaror aviakompaniyaning brendni mustahkamlash va zamonaviy xalqaro servis standartlariga moslashishga qaratilgan strategik rivojlanish doirasida qabul qilingani ta’kidlanmoqda.

Foto: Uzbekistan Airways

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi bortkuzatuvchilar uchun yangilangan dizayn, rang uyg‘unligi va kengaytirilgan to‘plamga ega bo‘lgan yangi libosni bosqichma-bosqich joriy etishni boshlaydi.

Xizmat libosini yangilash to‘g‘risidagi qaror aviakompaniyaning brendni mustahkamlash va zamonaviy xalqaro servis standartlariga moslashishga qaratilgan strategik rivojlanish doirasida qabul qilingani ta’kidlanmoqda.

Ilk bor ramziy libos to‘plamiga trikotaj matosidan kardigan kiritildi, ustki kiyim sifatida esa palto va issiq yoping‘ich taqdim etildi. Bu esa kuz-qish mavsumida parvoz vazifalarini bajarish jarayonida qulaylik yaratadi, funksionallikni oshiradi. Liboslar harakatchan ish talablari, uzoq davom etuvchi parvozlar hamda turli tana tuzilishiga ega xodimlar uchun qulaylik yaratishni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.

Bortkuzatuvchilar va bortkuzatuvchi-brigadirlarni vizual jihatdan farqlashga alohida e’tibor qaratildi. Formaning asosiy rangi – to‘q ko‘k bo‘lib, brigadirlarning jaket va bosh kiyimlari to‘q qizil rangda bo‘ladi. Bu qaror yo‘lovchilarga havo kemasi bortida ekipaj yetakchisini ajratib olish imkonini berishi ta’kidlanmoqda.

Qayd qilinishicha, aviakompaniya ko‘lami, uchuvchilar va bortkuzatuvchilar sonining ko‘pligi hamda aviaqatnovlar jadvalining zichligini hisobga olgan holda, yangi libos parvozlarni to‘xtatmasdan, bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid