O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Eron spikeri muzokaralar sharti haqida gapirdi
Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqirning aytishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp «urushni boshlashi mumkin, biroq uning qanday yakunlanishini nazorat qila olmaydi». Shu bilan birga, u «faqat real va kuch bilan majburlanmagan muzokaralar bo‘lsa» Tehron ochiq qolishini ta’kidladi.
«Biz muzokaralarga tayyormiz. Ammo bu Amerika prezidenti istayotgan muloqot turi ekaniga ishonmaymiz», - dedi Boqir CNNʼga bergan intervyusida.
U Vashingtonni kuch ishlatish orqali diplomatiyani izdan chiqarishda aybladi: AQSh «Eron bilan muzokaralarning oltinchi raundi bo‘lib o‘tishidan ikki kun oldin muzokaralar stolini bombardimon qildi».
«Eron xalqining iqtisodiy manfaatlari kafolatlanmaguncha, hech qanday muzokara bo‘lmaydi. Biz buyruq berib o‘tirishni muzokara deb hisoblamaymiz», dedi u.
Shuningdek, u harbiy bosim ostida olib boriladigan muzokaralar vaziyatni yanada keskinlashtirishidan ogohlantirdi.
«Agar Tramp Nobel tinchlik mukofotini xohlasa, atrofidagi urush tarafdorlari va taslim bo‘lishni targ‘ib qiluvchilardan uzoqlashishi kerak», - deya qo‘shimcha qildi Boqir.
Bu bayonotlar Trampning «ulkan armada» Eronga yo‘l olayotgani haqidagi bayonoti va «muzokara stoliga» chaqirganidan keyin yangradi.
Eron rasmiylari bunga urush va javob zarbalari haqidagi ogohlantirishlar bilan javob qaytarmoqda. Shu bilan birga Tehron adolatli shartlar asosidagina muzokaralarga ochiq qolishini ta’kidlamoqda.
Rossiya–Ukraina urushi
Payshanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp sovuq qish ob-havosi sabab Rossiya yetakchisi Ukraina shaharlariga bir hafta davomida o‘q uzmaslikka rozi bo‘lganini aytdi.
«Biz prezident Putindan bir hafta davomida o‘q otishni to‘xtatishlari mumkinmi, deb so‘radik. Chunki ularda ham bizdagidek sovuq bo‘lyapti. U bunga rozi bo‘ldi. Biz buni juda yuqori baholadik», dedi Tramp Oq uydagi Oval kabinetda.
Moskva tomoni bu xabarlarga izoh bermadi. Ukraina esa «kelishuvlar bajarilishiga umid qilishini» aytdi.








