Angliya: YeChL poygasida kambeklar kuni

«Lids» – «Arsenal» 0:4
Gollar: Subimendi, 27 (0:1). Darlou, 38 – avtogol (0:2). Yokeresh, 69 (0:3). Gabriel Jyezus, 86 (0:4)
«Lids»: Darlou, Rodon, Streyk, Jastin (Longstaff, 46), Ampadu, Gruyev (Okafor, 46), Gudmundsson, Bogl, Aaronson (Buonanotte, 71), Shtah (Nionto, 81), Kalvert-Lyuin (Piru, 85)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Inkapiye (Kalafiori, 75), Timber, Subimendi, Rays, Havers (Edegor, 61), Trossar (Eze, 81), Madueke (Martinelli, 61), Yokeresh (Gabriel Jyezus, 76)
Ogohlantirishlar: Gudmundsson, 37 – Timber, 59

Qatorasiga uch turda g‘alaba qozona olmagan «Arsenal»da inqiroz yuzaga kelgani haqida taxminlar bildirilgandi va bunga jamoa faqat ishonchli g‘alaba bilan javob qaytarishi mumkin edi. Amalda ham xuddi shunday bo‘lib chiqdi, «Lids» esa APLdagi barcha jamoalar kabi «kanonirlar»ning burchak zarbalariga chora topolmayapti. Birinchi gol urilgan holatda mezbonlar hujumni qaytargandek edi, ammo to‘pni qayta egallab olgan mehmonlar hujumni ikkinchi tempda davom ettirishdi va himoyachilarni finti bilan dog‘da qoldirgan Noni Madueke to‘pni Subimendining boshiga yetkazib berdi. Keyin esa xuddi shu vinger burchak zarbasini shunday ijro etdiki, darvozabon Darlou to‘pni o‘z darvozasiga kiritib yubordi.

Shu tariqa, avvaliga boshlang‘ich tarkibda bo‘lmagan va Saka chigalyozdi mashg‘ulotlari vaqtida o‘zini noqulay his qilishi ortidan startdan o‘rin olgan futbolchi bir bo‘limning o‘zida ikki golli harakat amalga oshirdi, holbuki Nonida 412 kundan buyon APLda golli uzatma bo‘lmagandi.

Mikel Arteta shogirdlari o‘yindan ham gol urishdi: ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan Edegor boshlab bergan hujumni darvozabon hududida ochilgan Yokeresh yakunladi, unga ikkinchi bo‘limda zaxiradan tushgan boshqa bir futbolchi Gabriel Martinelli assistentlik qildi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan yana bir hujumchi Gabriel Jyezus esa o‘yindagi eng chiroyli gol muallifiga aylandi. U jarima maydoniga kirishda Edegordan pas qabul qilib oldi va fint ishlatib, himoyachilar ta’qibidan qutulgan holda to‘pni burchakka joyladi. «Arsenal» tanqidlarga munosib javob qaytardi va turnir jadvalidagi o‘rnini mustahkamladi – kamida «Siti» va «Aston Villa»ning yakshanba kungi o‘yinlari yakuniga qadar oradagi farq 7 ochkoga yetdi.