O‘zbekiston | 08:42
742
2 daqiqa o‘qiladi

Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi tashkil etildi

Prezident farmoniga muvofiq Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi hamda uning boshqaruv kengashi tashkil etiladi. Agentlikka Iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat xaridlari sohasidagi vazifa, funksiya va vakolatlari o‘tkaziladi.

Prezidentning 2026 yil 6 fevraldagi farmoni bilan Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi hamda agentlikning boshqaruv kengashi tuzilishi belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat xaridlari sohasidagi vazifalari, funksiyalari va vakolatlari agentlikka o‘tkaziladi.

Shuningdek, agentlik huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi.

Farmonda belgilanishicha, 2026 yil 1 iyuldan boshlab jamg‘arma mablag‘lari hisobidan dasturlar doirasida tadbirkorlik sub’yektlari loyihalarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari orqali:

  • xorijiy valutada yillik 6 foiz (bank marjasi — 2 foiz), milliy valutada yillik 12 foiz (bank marjasi — 2 foiz) stavkada 10 yilgacha, shu jumladan 2 yillik imtiyozli davr bilan, bitta loyiha uchun 10 mln AQSh dollarigacha kredit ajratilishi;
  • xorijiy huquq egalaridan texnologiya transferi, brend va tovar belgilari (hamda xizmat ko‘rsatish belgilari)dan foydalanish huquqini olish xarajatlarining 30 foizigacha, biroq 1 mln AQSh dollaridan oshmagan miqdorda subsidiya berilishi;
  • sanoat startaplariga yangi yuqori texnologik mahsulotlarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish xarajatlarining 50 foizigacha, biroq 10 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda — har yili eng yaxshi 10 tagacha loyihaga tanlov asosida subsidiya ajratilishi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, mazkur instrumentlarni moliyalashtirish uchun jamg‘armaga 2026 yilda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 50 mln AQSh dollari ekvivalenti miqdorida mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘rsatilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid