Angliya: «Tottenhem» sardorining qizil kartochkasi hal qildi

«Manchester Yunayted» – «Tottenhem»
Gollar: Mbemo, 38 (1:0). Brunu Fernandesh, 81 (2:0)
«Manchester Yunayted»: Lammens, Maguayr, Martines, Shou (Mazraviy, 87), Dalot, Kazemiro (Ugarte, 87), Maynu (Fletcher, 90+2), Brunu Fernandesh, Kunya (Sheshko, 75), Diallo, Mbemo (Zirkze, 87)
«Tottenhem Hotspur»: Vikario, Romero, van de Ven, Palinya (Bissuma, 80), Gallaher (Tel, 80), Sarr, Udoji (Souza, 55), Grey, Simons, Odober (Dregushin, 32), Solanke (Kolo Muani, 80)
Ogohlantirishlar: Diallo, 45 – Udoji, 27. Palinya, 70
Chetlatish: Romero, 29

Yaxshi formaga kirib olgan «MYu» (qatorasiga uch g‘alaba) asosiy tarkibni o‘zgartirmayapti. Kerrik yana Sheshkoni zaxira o‘rindig‘ida qoldirdi, hujum markazida esa Kunya va Mbeumo almashib harakat qilishdi. Ularning ikkinchisi himoyalanishda chap qanotni yopmoqda, to‘pga egalik qilinganida esa hujum vakillaridan istalgan biri oldinda ochilishi mumkin. Futbolchilarning bunday joylashuvida «MYu» dastlabki 15 daqiqalikda «Tottenhem»dan yaxshiroq ko‘rindi va jamoada bir necha yaxshi hujumlar uyushtirildi.

Keyin esa «Tottenhem» ham oldinga o‘tdi va qaysidir daqiqalarda to‘p Lammens qo‘riqlayotgan darvoza atrofidan ketmay ham qoldi. Ammo o‘yin taqdirini Romero ishlatgan fol hal qildi. «Tottenhem» sardori to‘pga o‘ynashga harakat qilib, butsasining ostki qismi bilan Kazemironing to‘piq qismiga zarba berib yubordi. O‘yin bosh hakami Maykl Oliver shu zahoti cho‘ntagidan qizil kartochkani chiqardi.

VAR vaziyatga aralashmadi, ammo barchasi yaqqol ko‘rinib turgandi: zarbadan keyin Kazemironing oyog‘i qayrilib ham ketgandi. Romero APLning bu mavsumida allaqachon ikki qizil kartochka olgan ilk futbolchiga aylandi. Argentinalik himoyachi dekabrda «Liverpul»ga qarshi o‘yinda ikki sariq kartochka olib, maydondan chetlatilgandi.

Bu epizoddan ko‘p o‘tmay «MYu» hisobni ochdi. Bu gol burchak zarbasini oldindan rejalashtirgan holda ijro etish orqali amalga oshirildi. Maynu darvozaning yaqin ustuni oldida turgancha o‘ziga kelgan to‘pni bir teginishda jarima maydoni markaziga yo‘naltirdi, u yerda bo‘sh turgan Mbeumo yerlatib aniq zarba yo‘lladi. Bu «qizil iblislar» uchun joriy mavsumda burchak zarbalari orqali urilgan sakkizinchi golga aylandi.