Ukrainaga bosqin boşlanganining 4 yilligi arafasida Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarşi 20-sanksiyalar töplamini e’lon qilmoqçi. Xöş, bu töplam qaysi yönalişlarni va qanday yangi çeklovlarni öz içiga oladi? Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilçilar şu haqda söz yuritdi.
— Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarşi 20-sanksiyalar paketi nimalarni öz içiga olyapti?
Bektoş Berdiyev: 20-paket sanksiyalarini bugungi kunda Rossiya iqtisodiyoti uçun mutlaqo halokatli böladi deb aytiş qiyin. Çunki jiddiy ta’sirga ega asosiy sanksiyalar avvalroq joriy etib bölingan. Hozirgi muhim jihat şundaki, sanksiyalar bloklarga bölinib, aniq yönalişlarga qaratilmoqda.
Birinçi blok dengiz xizmatlariga taalluqli. Bu Rossiya neftini taşiyotgan tankerlar uçun navigatsiya, texnik xizmat, ta’mirlaş va boşqa barça dengiz xizmatlarini töliq töxtatişni nazarda tutadi. Aslida bu ğoya yangi emas: ilgari Finlandiya va Şvetsiya bunday taklif bilan çiqqan, biroq masala keyinroq Yevropa Ittifoqi darajasida körib çiqişga qoldirilgan edi.
Ikkinçi blok “soya floti” bilan boğliq. Bugungi kunda Yevropa tomonidan 640 ta tanker qora röyxatga kiritilgan. Endi esa noma’lum yoki uçinçi davlatlar bayroği ostida suzayotgan kemalarni aniqlab, uşbu röyxatni yanada kengaytiriş közda tutilmoqda.
Uçinçi blok bank sektoriga qaratilgan. Rossiyaning yirik banklari allaqaçon sanksiyalar ostida bölsa, endi hududiy banklar, ularning özaro operatsiyalari hamda xorijiy davlatlar bilan moliyaviy aloqalarini çeklaş masalasi körib çiqilmoqda.
Şuhrat Rasul: Yevropa Ittifoqi Rossiya neftini sotib oliş böyiça narx çegarasini avval 47 dollar etib belgilagan edi. Endilikda uşbu limitni 44,1 dollargaça tuşiriş rejalaştirilmoqda va bu sanksiyalarning eng muhim nuqtalaridan biri hisoblanadi.
Keyingi muhim yönaliş – metallar. Rossiya Federatsiyasi kuçli oğir sanoatga, xususan qora metallurgiyaga ega. Uruş boşlanganidan beri metall işlab çiqariş dastlab qisqa muddatga oşgan edi. 2023 yilda harbiy texnika, BTR va tanklar uçun metallga ehtiyoj ortgani sababli işlab çiqariş köpaygandek körindi. Biroq keyinçalik quriliş sohasi keskin pasaydi.
Bugungi kunda butun dunyoda qora metallurgiyaning asosiy iste’molçisi quriliş sanoati hisoblanadi. Quriliş hajmi qariyb 40 foizga qisqargaç, Rossiyada metall işlab çiqariş ham 2025 yilga kelib 20 foizga kamaydi. Buni Rossiyaning rasmiy statistikasi ham tasdiqlamoqda. Endi metallarga qöşimça sanksiyalar qöllanişi uşbu sohada yana 10–15 foiz atrofida pasayişga olib kelişi mumkin.











