Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi sobiq raisi Qamchibek Tashiyev bir necha kun oldin Germaniyaning Myunxen shahriga uchib ketgandi. Bu haqda Kaktus.media nashri vaziyatdan xabardor manbalarga asoslanib xabar tarqatdi.

Ma’lum qilinishicha, unda rejali tibbiy muolajalar amalga oshiriladi – uni yuragidagi og‘riq bezovta qilgan.

U 2021 yilda ham Germaniyada jarrohlik amaliyotini boshdan o‘tkazgan – o‘shanda uning yuragiga yaqin joydagi tromb olib tashlangan.

O‘z navbatida, «Region» telekanali bosh direktor Otkurbek Raxmanov (u qo‘mita sobiq raisiga yaqin shaxs hisoblangan) Qamchibek Tashiyev o‘z iste’fosi haqida prezident farmoni chiqqanidan keyingina xabar topgani haqida xabar berdi.

Bugun, 10 fevral kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari – Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi Qamchibek Tashiyevning vakolatlarini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risidagi farmonni e’lon qildi.

Tashiyev bilan  birga uning yana 3 nafar o‘rinbosari ham lavozimidan ozod etilgan.

«Men bu qarorni, eng avvalo, davlatimiz manfaatlarini ko‘zlab, jamiyatda, jumladan, davlat tuzilmalari o‘rtasida tarqoqlikka yo‘l qo‘ymaslik, aksincha – birdamlikni mustahkamlash maqsadida qabul qildim», – deya izoh bergan prezident.

Qo‘mita rahbarligini endi uning o‘rinbosarlaridan biri – qo‘mitaning 9-xizmati (Davlat qo‘riqlash xizmati) boshlig‘i Jumg‘albek Shabdanbekov egallaydi. Uning nomzodi qo‘mita raisi lavozimiga tayinlash uchun Qirg‘iziston Jogorku Keneshiga kelishish uchun kiritiladi.

Shuningdek, Xavfsizlik kengashi kotibi Rustam Mamasodiqov ham lavozimidan ozod etilib, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazilgan.

Qamchibek Tashiyevning tarixi

Qamchibek Tashiyev 1968 yil Jalolobod viloyati Suzoq tumanida tug‘ilgan.

1992 yilda Tom politexnika universitetini tamomlagan (mutaxassisligi – muhandis-ximik texnolog), 1998 yilda esa Qirg‘iziston davlat milliy universitetining huquqshunoslik fakultetini bitirgan.

1990-yillarda u «Taymuras» sport klubiga egalik qilgan, shuningdek, tadbirkorlik bilan shug‘ullangan. 2000-yillar boshida siyosatga kirib kelib, 2002-2003 yillarda bosh vazir apparati boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lgan, 2003-2005 yillarda Bishkek shahri Lenin tumani rahbari o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.