Olmazor tumanidagi Shon-shuhrat mahallasi profilaktika inspektorining xizmat uyidan 10,5 kg “Alfa-PVP” va 4 gr “Spays” sintetik narkotiklari topilgan. Ichki ishlar xodimi giyohvandlik vositasini suyuq ko‘rinishda olib, narkolaboratoriyasida quritgan hamda “zakladka” usulida xaridorlarga tarqatib kelgan. “Xizmat haqi”ni esa kriptovaluta ko‘rinishida olgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudida sudya Alisher Turg‘unov raisligida profilaktika inspektori xizmat uyida narkolaboratoriya tashkil qilganiga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Zakladchik”dan narkolabaratoriyagacha

Tergov materiallariga ko‘ra, 1995 yilda tug‘ilgan B.T. 2019 yil dekabridan Olmazor tumani IIO FMB 1-son IIB profilaktika inspektori, 2023 yildan Olmazor tumanidagi “Shon-shuhrat” MFY profilaktika inspektori vazifasida ishlab kelgan.

Profilaktika inspektori 2025 yil aprel oyida Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O‘zbekiston hududida Telegram orqali sintetik giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi profil egasiga “zakladchik” sifatida yollangan. U 2025 yil sentabrga qadar ushbu profil egasining topshirig‘iga asosan sintetik giyohvandlik moddalarini qabul qilib, ularni kichik bo‘laklarga qayta qadoqlagan holda “zakladka” ko‘rinishida tarqatish bilan shug‘ullangan. “Uchastkavoy” o‘z “xizmat haqini” kriptovalutada olib kelgan.

B.T. 2025 yil avgust oyi boshida profil egasining ko‘rsatmasiga asosan turli sintetik giyohvandlik moddalarini qo‘lbola usulda ishlab chiqarishga mo‘ljallangan laboratoriya tashkil etishni rejalashtirgan. Ushbu rejaga asosan u atrofdagilarda shubha uyg‘otmaslik hamda xizmat joyidan uzoqlashmaslik maqsadida narkolaboratoriyani o‘z xizmat uyida tashkil etgan. So‘ngra onlayn yo‘riqnomaga asosan laboratoriyada turli asbob-uskunalar va boshqa vositalardan foydalangan holda mefedron sintetik giyohvandlik moddasini tayyorlagan.

Shu tariqa xodim o‘zi tayyorlagan giyohvandlik vositasini “zakladka” usulida yashirib, shartli manzil surati va lokatsiyasini profil egasiga jo‘natib kelgan. Buning evaziga har bir “zakladka” uchun kripto-aktiv ko‘rinishida 1 500 (bir ming besh yuz) dollar haq olgan.

Profilaktika inspektori 2025 yil 27 iyuldan 27 sentabrga qadar o‘z kripto-hamyoniga 10 831 dollar qabul qilgan hamda 10 112 dollar o‘tkazish bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirgan. Shu tariqa u kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni ham buzgan.