Uning aytişiça, u Vaşington vakillarining şu taklifini allaqaçon qabul qilgan. Ammo Bloomberg qayd etişiça, Rossiya bu AQŞdagi uçraşuvga rozi böladimi-yöqmi — hozirça aniq emas.

Agentlik taxminiga köra, yangi muzokaralar raundi doirasida tomonlar “murakkab hududiy masala”ga e’tibor qaratadi va AQŞning Donbassda bufer tarzidagi “erkin iqtisodiy zona” yaratiş taklifini muhokama qiladi. Ukraina prezidentining aytişiça, har ikki tomon ham bu ğoyani şubha bilan qabul qilmoqda. “Bu borada qaraşlarimiz turliça. Va quyidagiga kelişdik: keling, bu qanday köriniş olişi mumkinligi haqidagi tasavvur bilan keyingi uçraşuvga qaytamiz”, — dedi Zelenskiy Bloomberğga.

7 fevral kuni jurnalistlar bilan uçraşuvda Ukraina prezidenti Vaşington Kiyev va Moskva delegatsiyalariga 9 fevral boşlanadigan haftada Mayamida yangi muzokaralar raundini ötkazişni taklif qilganini, u esa öşa taklifni ham qabul qilganini aytgan edi. Zelenskiyning sözlariga köra, AQŞ uruşni yoz boşlanişidan oldin yakunlaşni taklif qilmoqda, çunki iyundan boşlab boşqa ustuvor vazifa — Kongressga saylovlar böladi.

Rossiya, Ukraina va AQŞ Abu-Dabida ikki raund yopiq muzokaralar ötkazgan. Birinçi raund 23–24 yanvar kunlari, ikkinçisi esa 4–5 fevral kunlari bölib ötgan. 5 fevral kuni Kiyev va Moskva navbatdagi asirlar almaşinuvi böyiça kelişib olgan. Biroq Ukrainadagi uruşni yakunlaş yölida yana bir bor sezilarli “buriliş”ga erişilmagan.

Şunga qaramay, bu uçraşuvlar yakunlariga köra, barça tomonlar — ya’ni Rossiya, Ukraina va AQŞ — muayyan olğa siljiş borligini bildirgan. Xususan, AQŞ davlat kotibi Marko Rubio hal etilmagan masalalar röyxati “sezilarli darajada qisqargani”ni, ammo “eng murakkablari qolgani”ni aytgan. Eng qiyin masalalardan bölib Rossiya armiyasi tomonidan işğol qilingan Ukraina hududlari böyiça savollar, şuningdek Zaporijjya AESning maqomi masalasi qolmoqda.