Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'dagi kolonkasida Japarov–Tashiyev tandemi qanday shakllangani, ular 5 yil davomida mamlakatni qay tarzda birga boshqargani va bu siyosiy ittifoqning parchalanishi nega xavotirli bo‘lishi mumkinligi haqida so‘z yuritdi.

Bir necha kun oldin Qirzig‘iston prezidenti Sadir Japarov bu davlatning ikkinchi eng qudratli shaxsi – Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyevni ishdan bo‘shatdi. Bu paytda Tashiyev davolanish uchun Germaniyaga ketgandi.

General bu qarordan bexabar bo‘lgani, agar oldinroq xabari bo‘lganida, qo‘l ostidagi kuch ishlatar tizimi xodimlari bilan rasman xayrlashgan bo‘lishini aytdi. Tashiyev o‘z bayonotining so‘ngida Qirg‘izistonda hamma konstitutsion tizimga muvofiq faoliyat olib borishi va har qanday kurash faqat tizim doirasida bo‘lishi kerakligini urg‘uladi. Bu bilan u prezident Japarovning qaroridan aslida norozi ekani, lekin siyosiy kurash tizim doirasida bo‘lishiga sha’ma qildi.

Ma’lumki, Sadir Japarov 2020 yildan buyon hokimiyatda. U hokimiyatga kelishi bilanoq o‘zining do‘sti, hamkori, siyosiy ittifoqchisi Qamchibek Tashiyevni kuch ishlatar tizimlarning eng qudratlisi – Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga rais qilib tayinlagan edi. Bu ikkilik, ya’ni tandem mana 5 yildirki Qirg‘izistonni boshqarib kelayotgan edi. Japarovning qarori bilan, endi tandem buzildi. Xo‘sh, bu tandem qachon, qanday shakllandi? Uning buzilishi nega ko‘pchilikda xavotirlar o‘yg‘otdi?

Qamchibek Tashiyev – asli jalolobodlik. Bu shaharning nomi yaqinda Manas deb o‘zgartirildi. Sadir Japarov esa Issiqko‘ldan. 2005 yildagi inqilobga qadar, bu ikkovlon ham yoqilg‘i biznesida bo‘lishgan. 2005 yil martida Qirg‘izistonda inqilob bo‘lgan edi: prezident Askar Akayev hokimiyatdan yiqitilib, o‘rniga Qurmanbek Bakiyev kelgan edi. 2005 yilgi saylovlarda Japarov ham, Tashiyev ham deputat bo‘lib saylanishadi. 2007 yilda Bakiyev Qirg‘iziston parlamentini tarqatib yuboradi. Lekin bu ikkovlon ko‘chada qolmaydi, hukumatga kiradi. Tashiyev favqulodda vaziyatlar vaziri bo‘ladi, Japarov esa boshida prezidentning davlat maslahatchisi, so‘ngra Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining boshlig‘i bo‘ladi.

2010 yilda Qirg‘izistonda yana inqilob bo‘ladi. Bakiyevlar hokimiyatdan quviladi va mamlakatdan qochib ketishadi. Shundan so‘ng Qirg‘izistonda boshqaruv modeli o‘zgartiriladi: parlamentar boshqaruv joriy qilinadi. 2010 yilgi parlament saylovlari partiya ro‘yxatlari asosida tashkil qilinadi. Saylov natijalariga ko‘ra, eng ko‘p ovozni millatchi kayfiyatdagi “Atajurt” partiyasi oladi – 8,68 foiz. Qolgan partiyalar bundan ham kam ovoz oladi. “Atajurt” partiyasining liderlari ayni Japarov va Tashiyev edi. Bu partiya va uning ikki lideri o‘sha vaqtdagi prezident Almazbek Atambayevga muxolifat bo‘lishadi, hukumatni va prezidentni muttasil tanqid qilishadi.