AQSh davlat kotibi Marko Rubio Myunxen xavfsizlik konferensiyasida «yaxshi politsiyachi» rolida chiqish qildi. O‘tgan yilgi forumda vitse-prezident Jyey Di Vens «yovuz politsiyachi» rolida bo‘lgan, u Yevropani ommaviy immigratsiyaga yo‘l qo‘yib, o‘z madaniyati va o‘ziga xosligini yo‘qotishda, shuningdek, so‘z erkinligini cheklashda ayblagandi.
Rubio Myunxendagi nutqida Qo‘shma Shtatlar va Yevropa o‘rtasidagi yaqin aloqalarni qayd etdi.
«Yangiliklardagi sarlavhalar transatlantik davr tugaganini e’lon qilayotgan bir paytda, hammaga ma’lum bo‘lsinki, biz buni xohlamaymiz va bunga intilmaymiz, chunki biz amerikaliklarning uyimiz G‘arbiy yarim sharda bo‘lsa ham, biz baribir Yevropa farzandlari bo‘lib qolamiz. Biz, Qo‘shma Shtatlar va Yevropa birga bo‘lishimiz kerak», – dedi Rubio va zal uni tik turib olqishladi.
U AQSh va Yevropa XX asrdagi ko‘plab mojarolarda birgalikda g‘alaba qozonganini eslatgan. «Ushbu triumfdan keyingi eyforiya barcha millatlar liberal demokratiyaga aylanishi, milliy suverenitet endi muhim emasligi, balki faqat savdoga asoslangan aloqalar muhimligi va chegaralarsiz dunyoda yashashimiz haqidagi xavfli noto‘g‘ri tushunchaga olib keldi. Bu ahmoqona g‘oya edi va u bizga qimmatga tushdi», – dedi u.
Rubioning hisoblashicha, AQSh va Yevropa keng ko‘lamli migratsiyaga yo‘l qo‘yib, ishlab chiqarishni chet elga ko‘chirib, muhim ta’minot ustidan nazoratni «raqiblar va dushmanlarga topshirib qo‘yganida» xatoga yo‘l qo‘ygan. U iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bilan bog‘liq energetika siyosatini yana bir xato deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh bu xatolarni tuzatish niyatida va buni Yevropa bilan birgalikda amalga oshirishni xohlaydi. «Qo‘shma Shtatlar munosabatlarni uzishga intilmayapti. Qo‘shma Shtatlar eski do‘stlikni qayta tiklashni istaydi», – deya ta’kidladi davlat kotibi.
«Biz ittifoqchilarimiz zaif bo‘lishini xohlamaymiz, chunki bu bizni ham zaiflashtiradi. Bizga o‘zini himoya qila oladigan ittifoqchilar kerak, toki hech kim bizning kollektiv kuchimizni sinab ko‘rish vasvasasiga berilmasin. Biz Yevropa kuchli bo‘lishini istaymiz. Biz Yevropa omon qolishi kerakligiga ishonamiz».
Rubio amerikaliklar «o‘z maslahatlarida biroz qo‘pol va tajovuzkor» ko‘rinishini tan olgan: «Buning sababi, do‘stlarim, biz bunga befarq emasmiz».
AFP xabariga ko‘ra, u Yevropani Donald Trampning «dunyoni yangilash»ga intilishiga qo‘shilishga ham chaqirgan. «Bu [bizning] dunyodagi o‘rnimizni tiklash va shu tariqa sivilizatsiyani yo‘q qilishga intilayotgan hamda Amerikaga ham, Yevropaga ham tahdid solayotgan kuchlarga zarba berish imkonini beradi», – degan AQSh davlat kotibi.









