Hujumchi Krishtianu Ronaldu boykotini to‘xtatib, «An-Nasr» safida fevral oyi boshidan buyon ilk bor maydonga tushdi. Uning yo‘qligida jamoa uchta o‘yinda ham g‘olib chiqqandi, u bilan bu seriya davom etdi.
«Al-Fotih» – «An-Nasr» 0:2
Gollar: Krishtianu Ronaldu, 18 (0:1). Yahyo, 78 (0:2)
«Al-Fotih»: Pacheko, Saadan, Al-Suvalim, Fernandesh, Ma’sud (Al-Zubaydi, 68), Yussuf, Delgado, Baatia (Al-Sarnuh, 90+1), Bendebka (Al-Favaz, 90+1), Vargas, Batna
«An-Nasr»: Bentu, Simakan, Al-Amri, Inigo Martines (Al-Sharariy, 90+6), Al-G‘annam (Al-Bushal, 86), Brozovich, Al-Haybari (Al-Hassan, 75), Mane (Yahyo, 75), Koman, Joau Feliks, Krishtianu Ronaldu (Al-Hamdon, 90+7)
Ogohlantirishlar: Ma’sud, 64 – Al-Haybari, 49. Inigo Martines, 88
G‘alaba goli
Uning qaytishi liga turnir jadvalining 10-o‘rnida borayotgan «Al-Fotih»ga qarshi safar o‘yiniga to‘g‘ri keldi. Krishtianu boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi va 18-daqiqadayoq Sadio Manening uzatmasini golga aylantirdi.
Bu gol Ronaldu uchun joriy mavsumdagi 18-gol bo‘ldi va u chempionatning eng yaxshi to‘purarlari poygasida uchinchi o‘rinda bormoqda. Birinchi o‘rinda «Brentford»ning sobiq hujumchisi, hozirda «Al-Ahli»da to‘p surayotgan Ayven Touni 20 gol bilan peshqadamlik qilmoqda.
Bundan tashqari, Ronaldu faoliyatidagi jami gollari sonini 962 taga yetkazdi va minglik dovon sari yurishini davom ettirdi.
«An-Nasr» muxlislari esa portugaliyalik futbolchining demarshidan xafa bo‘lishmaganini ko‘rsatishdi – o‘yindan oldingi chigalyozdi mashg‘ulotlari chog‘ida uni faollik bilan qo‘llab-quvvatlab turishdi. Ularning ko‘pchiligi Krishtianu bu zabastovkani klub manfaatlari uchun uyushtirgan, deb hisoblashadi.
Zabastovka sabablari
Bunga Ronalduning «Real»dagi sobiq jamoadoshi Karim Benzemaning transferi sabab bo‘lgandi. Chempionat peshqadami va «An-Nasr»ning oltin medallar uchun kurashdagi asosiy raqobatchisi «Al-Hilol» qishki transferlarning so‘nggi kunida uni «Al-Ittihod»dan sotib olgandi.
Portugaliyalik futbolchi esa mamlakatdagi asosiy yetakchi klublarni, jumladan, «Al-Hilol», «Al-Ittihod» va «An-Nasr»ni boshqaruvchi Saudiya Arabistoni Suveren fondi (PIF) olib borayotgan siyosat uning jamoasi chempion bo‘lishiga xalal bermoqda, deb hisoblaydi. Krishtianuning fikricha, fond ko‘proq raqobatchilarga yordam bermoqda. Jurnalist Yag‘iz Sabunjio‘g‘lining yozishicha, 41 yoshli forvard Karimning transferidan norozi bo‘lgan – u buni «halol raqobatga zarba» deb qabul qilgan.









