O‘zbekiston | 14:09
834
2 daqiqa o‘qiladi

Londonda uchrashuv: O‘zbekiston va BBC News hamkorlikni mustahkamlamoqchi

Londonda O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanov BBC News’ning Yevropa bo‘yicha mintaqaviy direktori Richard Koulborn bilan uchrashdi. Muzokaralarda media sohasida hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Foto: Dunyo

O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanov dunyoning yetakchi teleradiokompaniyalaridan biri — BBC News’ning Yevropa bo‘yicha mintaqaviy direktori Richard Koulborn bilan uchrashdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Uchrashuv chog‘ida tomonlar Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasida media sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, axborot almashinuvini faollashtirish hamda ikki mamlakat ommaviy axborot tuzilmalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish masalalarini atroflicha muhokama qildi. Shuningdek, qo‘shma media loyihalarni amalga oshirish borasidagi istiqbolli yo‘nalishlar ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar davomida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, so‘z erkinligini ta’minlash va axborot makonini ochiqlik tamoyillari asosida rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.

Richard Koulborn O‘zbekiston media tashkilotlari bilan o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlikni davom ettirishga, tajriba almashishni kengaytirishga hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Suhbatdoshlar muloqotni tizimli ravishda davom ettirish va aniq amaliy tashabbuslar ishlab chiqish bo‘yicha kelishib oldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid