Zalujniy so‘zlariga ko‘ra, o‘zi va Zelenskiy o‘rtasidagi birinchi tortishuvlar Rossiyaning Ukraina bilan katta urushi boshlanganidan keyin deyarli darhol paydo bo‘lgan. Ziddiyat 2022 yil kuzida Ukraina Xavfsizlik xizmatining (UXX) o‘nlab xodimlari Zalujniy kabinetiga tintuv o‘tkazish uchun kelganida jiddiy nuqtaga yetgan.

Zalujniy bu 2022 yil sentabr oyi o‘rtalarida, Ukraina Qurolli kuchlari mamlakat shimoli-sharqida qarshi hujum uyushtirganida sodir bo‘lganini aytdi. Uning Kiyevdagi kabinetiga UXX o‘nlab agentlari - u yerda Britaniya zobitlari bo‘lgan paytda kirib kelgan. UXX xodimlari aynan nimani qidirayotganini tushuntirmagan, ammo Zalujniy ularga hujjatlar va kompyuterlarni tekshirishga ruxsat bermagan. Sobiq bosh qo‘mondonning fikricha, tintuv «qo‘rqitish harakati» edi.

Zalujniy UXX xodimlari oldida Zelenskiyning o‘sha paytdagi ofisi rahbari Andrey Yermakka qo‘ng‘iroq qilib, «bu harakatni qaytarishini, chunki qanday jang qilishni bilishini» aytgan. Zalujniy, shuningdek, buning uchun harbiylarni jalb qilishga tayyorligini ma’lum qilgan.

Bundan tashqari, u o‘sha paytda UXX rahbari bo‘lgan Vasiliy Malyukka qo‘ng‘iroq qilgan. U tintuv haqida hech narsa bilmasligini aytgan. Keyinchalik Zalujniy bundan ikki kun oldin UXX Kiyev sudidan o‘z idorasi joylashgan manzilda tintuv o‘tkazish uchun order so‘raganini bilib olgan. Shu bilan birga, orderda ushbu manzilda jinoiy tashkilot tomonidan boshqariladigan striptiz klubi joylashgani va unda tintuv o‘tkazish rejalashtirilgani aytilgan. Biroq, muassasa Rossiya bosqinidan oldin ham yopilgan edi, deb ta’kidlaydi AP. Zalujniyning fikricha, UXX bu haqda bilmasligi mumkin emasdi.

Zelenskiyning idorasi va UXX ushbu bayonotlarga izoh berishdan bosh tortdi.

AP nashriga bergan intervyusida Zalujniy, shuningdek, NATO hamkorlari bilan birgalikda 2023 yil yozida ishlab chiqilgan qarshi hujum rejasi Zelenskiy va boshqa amaldorlar zarur resurslarni ajratmagani uchun muvaffaqiyatsizlikka uchraganini aytdi.

Sobiq bosh qo‘mondon so‘zlariga ko‘ra, dastlabki reja Zaporijjya oblastini ozod qilish uchun yetarli kuchlarni «yagona mushtda» to‘plash, keyin esa Azov dengiziga chiqish edi. Bu Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrimning ta’minot yo‘lini kesib qo‘yish imkonini berardi. Zalujniy fikriga ko‘ra, buning uchun keng ko‘lamli, konsentratsiyalashgan kuchlarni to‘plash va taktik kutilmagan harakatlar kerak edi.

Buning o‘rniga, Zalujniyning so‘zlariga ko‘ra, kuchlar keng hudud bo‘ylab tarqalib ketgan, bu esa ularning hujum kuchini zaiflashtirgan.