O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

«Tinchlik kengashi»ning ilk yig‘ilishi

AQSh prezidenti Donald Tramp bir nechta davlatlar G‘azo uchun mo‘ljallangan «yordam paketi»ga 7 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratganini ma’lum qildi. Tramp bu haqda o‘zining «Tinchlik kengashi» ilk yig‘ilishida e’lon qildi.

G‘azodagi sulh rejasining ikkinchi bosqichi Hamasni qurolsizlantirish va aynan G‘azoni qayta tiklashni o‘z ichiga oladi. Tramp yig‘ilish ishtirokchilariga Hamas «qurolsizlanadiganga o‘xshaydi», dedi.

«Shuni mamnuniyat bilan e’lon qilamanki, Qozog‘iston, Ozarboyjon, BAA, Marokash, Bahrayn, Qatar, Saudiya Arabistoni, O‘zbekiston va Kuvayt yordam paketi uchun 7 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratdi», dedi u.

«Har bir sarflangan dollar barqarorlikka investitsiya», dedi Tramp. Unga ko‘ra, BMT humanitar yordam uchun 2 milliard dollar ajratadi, FIFA esa G‘azoda futbol bilan bog‘liq loyihalar uchun 75 million dollar yig‘adi.

Ayni paytda Isroil rahbariyati Trampning ayrim tashabbuslariga, xususan, kengashga Turkiya va Qatarni taklif qilganiga ehtiyotkorlik bilan qaramoqda. Payshanba kuni Tinchlik kengashi yig‘ilgan paytda Binyamin Netanyahu «Isroil ittifoqchisi AQSh bilan G‘azo demilitarizatsiya qilinmaguncha qayta tiklash bo‘lmaydi, degan kelishuvga erishganini» bildirdi.

AQShning ko‘plab yevropalik ittifoqchilari esa Tinchlik kengashi G‘azodan chetga chiqib, BMT o‘rnini egallashga qaratilgan bo‘lishi mumkin, degan xavotir bilan unga qo‘shilishdan bosh tortgan.

Ikki yillik genotsid ko‘rinishidagi urush oqibatida G‘azoda 72 mingdan ortiq inson halok bo‘ldi, anklav iqtisodiyoti vayron bo‘lgan, binolar va infratuzilmaning katta qismi yo‘q qilingan. BMT zarar qiymatini 70 milliard dollar deb baholamoqda.

G‘azoga 5 davlat qo‘shin ajratadi

Yana G‘azo haqida: G‘azo bo‘yicha oliy vakil unvoni berilgan Nikolay Mladenov «Tinchlik kengashi» yig‘ilishida Falastin politsiya kuchini shakllantirish jarayoni boshlanganini va unga «bir necha soat ichida 2 000 kishi ariza topshirganini» aytdi.

G‘azodagi Falastin politsiyasiga Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari yordam beradi. Yig‘ilishda G‘azoga mo‘ljallangan xalqaro xavfsizlik kuchlariga esa besh davlat qo‘shin ajratishga rozi bo‘lgani aytildi.