AQSh Oliy sudi Donald Trampning keskin tarif siyosati bo‘yicha bahsda prezidentga qarshi qaror chiqardi. Mamlakatning eng yuqori sud instansiyasi 20 fevral, juma kuni Tramp AQShning o‘nlab savdo hamkorlariga, jumladan Yevropa Ittifoqi davlatlariga qarshi keng ko‘lamli bojlar joriy etar ekan, favqulodda holat to‘g‘risidagi qonunga tayanib prezidentlik vakolatlarini oshirib yuborgan, degan xulosaga keldi.
Oliy sud qarori olti ovozga qarshi uch ovoz bilan qabul qilingan. Tramp joriy etgan tariflarning katta qismi noqonuniy deb topildi — ular qatorida deyarli barcha mamlakatlardan importga nisbatan “o‘zaro” bojlar, shuningdek Kanada, Meksika va Xitoy tovarlariga 25 foizlik bojlar ham bor.
Ushbu qaror Trampning keng ko‘lamli tariflarini huquqiy asosdan mahrum qiladi. Biroq prezident jamoasi avvalroq sudda yutqazilsa, agressiv savdo siyosatini davom ettirish uchun boshqa huquqiy mexanizmlardan foydalanishga urinishi haqida ogohlantirgan. Shu bois, AQShning ko‘plab hamkorlari yengilliklardan umid qilsa-da, uzoq muddatli istiqbol hali ham noaniq, deya qayd etadi dpa agentligi.
Keyinroq Donald Tramp maxsus chaqirilgan matbuot anjumanida Oliy sudning tariflar bo‘yicha qarorini «juda ko‘ngil qoldiruvchi» deb atadi. U Oliy sud a’zolari qarorini «millat uchun sharmandalik» deya baholab, ular «chet el manfaatlariga bo‘ysunib qolgan», deb iddao qildi.
Shuningdek, Tramp boshqa — o‘zi ta’kidlaganidek, hatto yanada qattiqroq va ko‘proq daromad keltirishi mumkin bo‘lgan muqobil vositalardan foydalanish niyati borligini aytdi. AQSh prezidenti boshqa davlatlarga nisbatan embargo kiritishga haqli ekanini ta’kidlab, yangi yig‘imlar joriy etilishini, ammo bu safar boshqa huquqiy asosda amalga oshirishini va’da qildi. U 1974 yilgi Savdo to‘g‘risidagi qonunning 122-bo‘limiga tayanib, amaldagi tariflarga qo‘shimcha ravishda 10 foizlik global boj kiritish bo‘yicha farmon imzolashini bildirdi.
Prezident aprel oyi boshida alohida davlatlarga, shu jumladan YeI mamlakatlariga, tariflarni keskin oshirishni ilk bor ma’lum qilganida ham favqulodda holatlar haqidagi qonunga tayangan. Shundan keyin ma’muriyat hamkorlar bilan muzokaralar uchun muddatlar belgilagan. Natijada ayrim stavkalar o‘zgargan: masalan, YeI bilan kelishuvga erishilgan va avgust boshidan AQShga olib kiriladigan Yevropa tovarlarining katta qismi uchun 15 foizlik tarif amal qilmoqda.
Oliy sud qarori bu kabi savdo kelishuvlari doirasida kelishib olingan tariflarga qanday ta’sir qilish-qilmasligi va kompaniyalar oldin to‘lab qo‘ygan pullarini qaytarib oladimi-yo‘qmi — hozircha aniq emas. Ilgari kuzatuvchilar va sudyalar ma’muriyat milliardlab dollarlarni qaytarishga majbur bo‘lsa, byurokratik «xaos» yuzaga kelishi mumkinligini aytgan.









