Vengriya Yevrokomissiya tomonidan avvalroq tasdiqlangan, Ukrainaga 90 mlrd yevro miqdorida kredit ajratishga qarshi chiqdi. «Biz “Drujba” quvuri orqali Vengriyaga neft tranziti qayta tiklanmaguncha Ukraina uchun YeIning 90 milliard yevro kreditini bloklaymiz», — deb yozdi 20 fevral, juma kuni kechqurun Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto X ijtimoiy tarmog‘ida, Kiyevni «shantaj»da ayblab.

Siyyartoning ta’kidlashicha, Kiyev neft tranzitini to‘xtatishni «Bryussel va venger oppozitsiyasi bilan muvofiqlashgan holda» qilgan — maqsad Vengriyada ta’minotda uzilishlar keltirib chiqarish va saylovlar oldidan yonilg‘i narxini oshirish. So‘rovnomalarga ko‘ra, Peter Madyar boshchiligidagi «Tisa» oppozitsiya partiyasi amaldagi bosh vazir Viktor Orbanning FIDeS partiyasidan taxminan 10 punktga oldinda. Saylovlar 12 aprel kuni bo‘lib o‘tadi.

Orban ham Ukrainaga kreditni bloklashini bildirgan. «Ukraina “Drujba” neft quvurini yopib qo‘yar ekan, Vengriya Ukraina uchun 90 mlrd yevrolik harbiy kreditni bloklaydi. Bizga shantaj o‘tmaydi!» — deyiladi uning 20 fevral kechqurun Facebook’da chiqqan bayonotida.

Financial Times gazetasi manbalarining aytishicha, 20 fevral kuni Vengriyaning YeIdagi elchisi Bryussel Ukraina uchun bu summani Yevropa Ittifoqi budjeti bilan kafolatlangan qarz majburiyatlari chiqarish orqali jalb qilish rejasiga e’tiroz bildirgan. Bunday qaror qabul qilinishi uchun YeIga a’zo 27 davlatning barchasi rozi bo‘lishi talab etiladi.

Ikki kun oldin Siyyarto Ukrainaga dizel yetkazib berish to‘xtatilganini aytgan edi. «Yetkazib berishlar “Drujba” quvuri orqali Vengriyaga neft tranziti tiklanmaguncha qayta boshlanmaydi», — deb yozgan u 18 fevral kuni.

Vengriyaning Vilaggazdasag (VG) nashri ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina tomoni “Drujba” orqali Rossiya nefti yetkazib berilishi hozircha faqat Slovakiyaga qayta tiklanishini aytgan, ammo aniq sana ko‘rsatilmagan. O‘z navbatida, VG yozishicha, Bratislava “Drujba” orqali Rossiya nefti tranziti 21 fevral kuniyoq qayta yo‘lga qo‘yilishi mumkin, deb umid qilmoqda.

Yevropa komissiyasi 2026–2027 yillarda Ukrainaga 90 mlrd yevro miqdorida foizsiz kredit ajratish bo‘yicha qonunchilik choralari loyihasini taqdim etgan. Idora bu mablag‘ning uchdan bir qismini Kiyev budjetiga qo‘llab-quvvatlashga, qolgan 60 mlrd yevroni esa harbiy yordamga yo‘naltirishni taklif qilganini Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen 14 yanvar kuni Bryusseldagi matbuot anjumanida aytgan. Yevropa parlamenti moliyaviy yordam paketini 11 fevral kuni ma’qullagan.